Senat yana bir qonunni rad qildi
Jamiyat
−
11 may 2020
12063Bugun, 11 may kuni Senat a’zolari “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqishdi.
Ta’kidlanganidek, Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni o‘rganib chiqilgan. O‘rganish jarayonida xalq deputatlari tuman, (shahar) viloyatlar kengashlarida muhokama etilib, mahalliy deputatlar, Qo‘mita a’zolari va ekspertlari fikrlari umumlashtirilgan.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 16 martdagi “Noshirlik va matbaa sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida 2020 yil 1 iyuldan boshlab noshirlik faoliyatini litsenziyalash hamda matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartiblarini bekor qilib, noshirlik va matbaa faoliyatini boshlaganligi haqida vakolatli davlat organini xabardor etish tizimini joriy qilish belgilangan. Ushbu qaror talablaridan kelib chiqib, qonundagi litsenziyalash bilan bog‘liq normalarni chiqarib tashlash talab etiladi.
Shuningdek, senatorlar qonunda elektron noshirlik mahsulotini tayyorlash va tarqatish tartibini nazarda tutuvchi normalar mavjud emasligiga e’tibor qaratishdi. Bundan tashqari, mamlakatda diniy mazmundagi materiallarni tayyorlashga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan ekspertizadan keyingina yo‘l qo‘yiladi. Qonunni shu nuqtai nazardan yangi normalar bilan to‘ldirish zarur, deb topildi.
Yuqoridagilarga asoslanib, “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
LiveBarchasi