Senat yalpi majlisi Qoraqalpog‘istondagi voqealar bilan boshlandi

Jamiyat

image

Qoraqalpog‘istondagi kabi hodisalarga yo‘l qo‘yilmasligi uchun birinchi navbatda Parlament mas’ul. U o‘z ishini tanqidiy tarzda qayta ko‘rib chiqishi kerak. Bu haqda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva bugun, 8 iyul kuni ochilgan Senatning navbatdagi yalpi majlisi avvalida aytib o‘tdi. 

"Qoraqalpog‘istonda ayrim nohush xodisalar sodir bo‘lganidan ham barchangizning xabaringiz bor. Ayrim kuchlarning qanchalik xarakat qilishiga qaramasdan bo‘lib o‘tgan bu hodisalar hech qachon xalqimizning birdamligiga rahna sola olmasligiga guvohi bo‘ldik. 

Shu bilan birga ushbu hodislaradan hammamiz o‘zimizga to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz va o‘z ishimizni qayta ko‘rib chiqishimiz lozim bo‘ladi. Kuni kecha davlatimiz rahbari ham bu masalaga alohida e’tibor qaratdi. 

Avvalo bu voqealar barcha masalalar xalq bilan hamnafas tarzda va o‘z vaqtida yechilishiga barcha davlat organlari, idoralarining kuchi hamda resurlarini jalb qilish zarurligini ko‘rsatmoqda”, deydi Senat raisi. 

Uning so‘zlariga, aholi tomonidan ko‘tarilayotgan muammo va masalaning katta va kichigi bo‘lmaydi. Ularning har birining yechimi muhimdir. 

“Har qanday kichik deb qaralgan masala o‘z yechimini topmagan taqdirda, albatta, bir kuni katta muammoga aylanadi”, deydi Norboyeva. 

U Qoraqalpog‘istondagi voqealarda qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga o‘zi va senatorlar nomidan hamdardlik bildirdi. Shifoxonalarda davolanayotgan fuqarorlarga esa tezroq sog‘ayib ketishlarini tiladi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.

4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.

Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

51

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing