Senat qo‘mitalari organ xodimlarini obro‘sizlantirish haqidagi qonun loyihasini o‘rganyapti – Tanzila Norboyeva
Jamiyat
−
27 yanvar
7678Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva ichki ishlar organlari xodimlarining foto va videolarini “obro‘sizlantirish maqsadida” internetda e’lon qilganlik uchun javobgarlik joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi hozirda Senat qo‘mitalari tomonidan o‘rganilayotganini aytib o‘tdi. Bu haqda u BBC O‘zbek xizmati bilan suhbatda ma’lum qildi.
“Bu qonun to‘g‘risida turli fikrlar bo‘lyapti. Ochiqlik siyosatining ustuvorligi sabab esa, har bir qonun qabul qilish jarayoni jamoatchilik e’tiboriga havola qilinyapti va jamoatchilikning fikri alohida e’tiborga olinyapti. Bu qonun Qonunchilik palatasida qabul qilindi. U yerda ham turli fikrlar bildirildi. Lekin ko‘pchilik ovoz bilan qonun ko‘rib chiqish uchun Senatga yuborildi. Hozirgi kunda har bir qo‘mita tomonidan qonun o‘rganishga berilgan. Hozircha faqat birgina qo‘mitaning fikri bilan tanishdik, boshqa qo‘mitalar bu norma xalqaro tajribalarga va olgan xalqaro majburiyatlarimizga zid yoki zid emasligini o‘rganib, o‘zlarining xulosasini berganidan keyin Senat kengashi o‘z fikrini bildiradi va majlisda qaror qabul qiladi. Yakuniy xulosani men bildira olmayman, chunki qo‘mitalarimizda ko‘rib chiqish jarayoni davom etmoqda”, deydi Norboyeva.
Eslatib o‘tamiz, “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi parlamentning quyi palatasida muhokama qilinganda Doniyor G‘aniyev, Umidjon Jabborov kabi deputatlar unga qarshi ekanini bildirishiga qaramay, u uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborilgandi.
11 yanvar kuni ham Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida mazkur qonun muhokama qilingandi. O‘shanda qator rivojlangan davlatlar qonunchiligida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini suratga olish taqiqlangani va muayyan choralar belgilangani ta’kidlangandi.
Biroq, keyinchalik, BBC O‘zbek xizmati Senat e’lon qilgan misollarni tekshirib, ushbu ma’lumotlarning yolg‘on yoki noaniqligini aniqladi.
LiveBarchasi