Sobiq mulozim Burxonov Senatda IIVga advokatmi?
Tahlil
−
19 yanvar
11395O‘zbekistonda huquq-tartibot idoralari xodimlarini obro‘sizlantirish maqsadida ish faoliyatiga oid foto va videolarni internetda e’lon qilganlik uchun javobgarlik joriy etish taklif qilingani va bu muhokamalarga sabab bo‘lgani yodingizda bo‘lsa kerak. Bu loyihaga Qonunchilik palatasi deputatlari ham e’tiroz bildirgandi. Ammo majlislarda gapiradigan, odamlarning foydasini o‘ylaydigan deputatlar soni kamligi sababli bu qonun loyihasi ma’qullanib, Senatga yuborilgan.
15 yanvar kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida asosli e’tirozga sabab bo‘layotgan ushbu qonun loyihasi yana muhokama qilindi. E’tibor bering, qonun loyihasi muhokama qilindiyu, e’tirozlarga sabab bo‘lgan 195-2- moddasi haqida dastlab lom-mim deyilmadi. Uning o‘rniga mamlakatda ro‘y bergan YTHlar bo‘yicha ba’zi statistik ma’lumotlar o‘qib eshittirildi.
Toki Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev ushbu masalani eslatmagunga qadar. U amaldagi qonunlarda, jumladan Jinoyat kodeksida ham, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ham ushbu qoidabuzarliklar uchun allaqachon jazolar belgilanganini eslatib, bu modda yana nima uchun qo‘shilayotganini so‘radi.
Ichki ishlar xodimlari bilan sodir bo‘layotgan biron bir holat fuqaro tomonidan video tasvirga olinsa, deylik u vaziyat yarim soat yoki 45 daqiqa davom etsa, fuqaro shu holatni to‘lig‘icha tasvirga olishi kerakmi? Nima uchun fuqarolarning videotasvirga olib tarqatgani statistikada aytilyapti-yu, lekin ularning qanchasida chindan Ichki ishlar organlari xodimlari qonunni buzgani isbotlangani aytilmayapti? Nima uchun masalaga faqatgina Ichki ishlar organlari tomonidan qaralyapti? Balki, mana shu videolar sudda, tergov jarayonida yaxshi bir isbot vazifasini bajarar.
Majlisda senatorlar, Qo‘mita huzurida tashkil etilgan Ekspert guruhi a’zolari, soha mutaxassislari, olimlar, shuningdek, Ichki ishlar, Adliya va Raqamli texnologiyalar vazirliklari, Bojxona qo‘mitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Oliy sud, Bosh prokuratura, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari ishtirok etdi. Ammo Boqiyev majlisda ushbu moddaga kichik bo‘lsa-da, o‘z e’tirozlarini bildira olgan yagona odam bo‘ldi. Shundan so‘ng, yana bir guruh qatnashchilar qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashini urg‘uladi.
Mezbon, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov esa Boqiyevning savolidan so‘ng, “Yana kimda so‘z bor, savol emas so‘z” deb auditoriyaga savol bermaslik talabini "mohirona" tushuntirdi.
Shundan so‘ng, so‘zga chiqqan Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov ushbu modda faqatgina Yo‘l harakati xodimlari emas, balki barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlarini nazarda tutishini aytib o‘tdi. Vaholanki, bundan biroz avval Burxonov ushbu moddadan maqsad javobgarlikka tortish emas, YTHlarining oldini olish ekanligini bildirgandi. Shuningdek, majlis ham YTHlari haqidagi statistikalar bilan boshlangandi.
“Biz bu yerda bir narsani to‘g‘ri talqin qilishimiz kerak. Bunda faqat yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari emas, balki huquqni muhofaza qiluvchi organlar nazarda tutilmoqda”, deydi u.
Majlisda ushbu moddaga ko‘ra, jazo fuqaroga faqatgina materialni yo‘l harakati xodimini obro‘sizlantirish maqsadida tarqatgan taqdirdagina qo‘llanishi bot-bot takrorlandi. Ammo bu holatda “obro‘sizlantirish” qanday me’yorlar asosida amalga oshirilishi haqida jurnalistning bergan savoliga shunday javob qaytarildi:
“Prokuratura organlarining bularga chora ko‘rish bo‘yicha 100 foiz vakolati bor. Prokuratura organlari bunga qonuniy baho beradi”, deydi Burxonov.
Biroq hech qanday aniq o‘lchov mezonlari, “obro‘sizlantirish” so‘ziga mavhumlikdan tashqari biror ta’rif berilmadi.
Yana bir e’tiborli jihat shuki, bu modda barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun amal qilishi, uning nazorati esa Bosh prokuratura tomonidan amalga oshirilishi aytildi. Ammo Prokuratura ham Huquqni muhofaza qiluvchi organ ekanligini hisobga olsak, o‘zi haqidagi moddaning qonuniyligini shu organning o‘zi ta’minlashi qanchalik mantiqiy va adolatli degan savol tug‘iladi.
So‘zga chiqqan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Jinoyat huquqi kafedrasi dotsenti Akbarjon Rasulov esa, qonunni himoya qilar ekan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xalq ishonmasa, ular o‘z vazifasini qanday bajara oladi, degan savolni o‘rtaga tashladi. Ammo ushbu moddaning kiritilishi Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning o‘zi xalqqa ishonayotganini shubha ostiga qo‘yadi.
Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, u majlisda onlayn ishtirok etgan. Unga Senatdagi yig‘ilish mazmuni ko‘proq qonunni himoya qilish, uning to‘g‘riligini ta’kidlash va jurnalist, blogerlarga dakki berish uchun tashkil qilinganday tuyuldi.
“Savol bergan jurnalist va bloger borki, deyarli barchasi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisidan dakki eshitib oldi. Savollarga ham aniq dalillar va faktlar bilan batafsil javob qaytarilmadi, uzuq-yuluq gaplar aytish bilan cheklanildi. Ayrim savollar butunlay javobsiz qoldi. “Siz tushunmaysiz, siz bilmaysiz, siz nimalar deyapsiz o‘zi, siz unaqa demang, siz bunaqa demang, bunaqa deyishga haqqingiz yo‘q” degan gaplar aytildi”, deydi huquqshunos.
Xususan, jurnalistlardan biri “elektroshoker” bilan bog‘liq vaziyatni misol sifatida keltirdi. Gap shundaki, avvalroq Ichki ishlar xodimining fuqaroga nisbatan “elektrashoker” ishlatgani aks etgan video tarqalgandi. Keyinroq esa xodim ushbu vositani shaxs qochishga uringani uchun qonuniy ishlatgani ma’lum bo‘lgan. Majlisda ushbu vaziyat qasddan qilingan, deb hisoblanadimi, yoki yo‘qligiga oydinlik kiritishni so‘ragan jurnalist quyidagicha javob oldi:
“Biz bu yerda ekspertiza qilmayapmiz. Siz bugungi mavzuga oid savolingizni bering. Buning ustida ishlab, shug‘ullangan mutaxassis bo‘lsa boshqa gap. Misolingizni ham dalil bilan, aloqador bo‘lsa bering. Biz hozir qonunni muhokama qilyapmiz. Siz hozir Senat to‘g‘risida ham ancha gaplarni gapirib yubordingiz. Men indamadim. Lekin sal o‘ylab, aql bilan savol bering. Siz jurnalistmisiz, blogermisiz? Demak, bilasiz. Bugungi muhokama qilinayotgan qonun bo‘yicha savol bering. Siz nima uchun savolga tutyapsiz? Siz savolingizni bering. Unda rozi emasman, deb fikr bildiring. Bu yerga sizni tortishgani chaqirganimiz yo‘q “spor” qilib tortishadigan joy emas”, dedi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi.
Shundan so‘ng, qahramonlarcha minbarga chiqqan yuridik fanlari doktori Baxtiyor Murodov qonunga norozilik bildirayotganlarni uning matni bilan tanishib ham chiqmaganlikda aybladi. Avval o‘qib, keyin fikr bildirishga chaqirdi.
Ammo Xushnudbek Xudoyberdiyev ushbu fikrlarga keskin qarshi chiqdi va na qonun loyihasi, na uning Senatga taqdim etilgan matni ommaga e’lon qilinmaganini eslatdi.
“Kechirasizlarku, qonun loyihasi hech qayerda e’lon qilinmagan bo‘lsa, Qonunchilik palatasi qabul qilgan qonunning matni hech qayerda e’lon qilinmagan bo‘lsa, Senat ko‘rib chiqayotgan qonunning matni hech qayerda e’lon qilinmagan bo‘lsa, osmondan olib fikr bildiramizmi? Qonunning matni qayerda to‘liq e’lon qilindiki, keyin biz uni ko‘rib, lekin o‘qimadik? Qayerda e’lon qilindi? Bu qonun hech qayerda e’lon qilingani yo‘q-ku! Biz faqatgina Qonunchilik palatasi, Senatning xabarlarida ketgan sanoqli gaplarni o‘qib, o‘zimizning munosabatimizni bildiryapmiz”, deydi u.
Shundan so‘ng, huquqshunos huquqni muhofaza qilish tizimida ham lavozimini suiiste’mol qiladigan xodimlar yo‘q emasligini aytib, video yoki fotoga olgan odamlarning bu modda ortidan nohaq jazolanmasligiga kim kafolat berishini so‘radi. Uning savoliga esa shunday javob qaytarildi:
“Hech kim hech kimni so‘kayotgani yo‘q. Birinchi haqorat so‘zi o‘zingizdan chiqdi. “Ahmoqona qonun” deb baho berdingiz. So‘kish uchun chaqiribsizlar dedingiz. Hech kim so‘kish uchun chaqirgani yo‘q. Hurmat qilib taklif qilganmiz. Xohlasangiz kelishingiz, xohlasangiz kelmasligingiz mumkin. Bu sizning shaxsiy fikringiz”, deydi Burxonov.
Shuningdek, majlisda qatnashgan yana bir jurnalist ham bergan savoliga chiroyli javob ololmadi. Unga javob sifatida qonun qabul qilinsa, sharhlar berilishi aytildi. Vaholanki, qonun loyihasi aholi tomonidan ma’qullanishi kerak. Buning uchun esa avval tushunmovchiliklar yuzaga kelgan va savollarni keltirib chiqargan qismlarga tushuntirish berilishi zarur. Bu tushuntirishlar qonun qabul qilingandan so‘ng berilishi qay bir aqlga to‘g‘ri keladi?..
Ushbu norozilikdan so‘ng, qonun loyihasi muhokamaga qo‘yilgani, ammo yettitagina odam kirib ko‘rgani aytildi. Ammo qachon? qaysi manzilga? Qanday nom bilan joylandi? Aytilmadi. Bundan tashqari, odatda yangi qonun loyihasi tarmoqqa joylanganida kamida bir necha yuz odam tomonidan ko‘riladi. Ammo shuncha muhokamalarga sabab bo‘lgan bu qonun atigi yetti marta ko‘rilgani iddao qilindi.
Bir fuqaro jinoyat sodir etsa, unga javobgarlik bor. Agar ichki ishlar xodimlarining qonuniy talabini bajarmasak, unga ham javob beramiz. Umuman, qonunga ichki ishlar xodimlarini video va fotoga olmaslik, ularni obro‘sizlantirmaslik kerakligi nima uchun kiritilmoqda? Bir qarashda qonun loyihasidagi aynan shu moddani qo‘llab-quvvatlayotganlarning kattasi sobiq ichki ishlar xodimi hisoblanadi. IIVdan chiqqan boshqarma boshlig‘i Qutbiddin Burxonov, hozirda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi va ushbu majlisning mezboni.
Xullas, jurnalistlar va qonunni himoya qilib chiqayotgan majlis ishtirokchilari o‘rtasidagi sezilarli konflikt bilan o‘tgan tadbir asosiy qaror Yalpi majlisda qabul qilishini haqidagi so‘z bilan yakunlandi. Ko‘tarilgan asosiy masalalardan biri – materialning obro‘sizlantirish maqsadida qasddan tarqatilgani yoki yo‘qligi qanday aniqlanishi haqidagi savolga esa tayinli javob berilmadi.
LiveBarchasi