Odam savdosi jinoyati uchun jazo kuchaytiriladi
Jamiyat
−
17:16
1006Bugun, 21 dekabr kuni Oliy Majlis Senati tomonidan odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilayotganligi munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish” masalasi ma’qullandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, senatning ikkinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilingan. Qonun bilan odam savdosi jinoyatini homilador ayolga nisbatan sodir etgan shaxslarga og‘irroq jazo choralarini belgilovchi o‘zgartirishlarni kiritish taklif etilayotganligi qayd etilgan.
Senatorlar tomonidan mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishga, ularga qarshi samarali kurashishga, bunday qilmishlar uchun mutanosib jazo choralari belgilanishiga, qolaversa, bolalar va xotin-qizlar huquqlarini samarali himoya qilishga xizmat qilishi qayd etilgan.
Muhokama yakunida esa qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida 23 yoshli ayol o‘zining 2024 yilda tug‘ilgan qiz farzandini 15 ming AQSH dollariga pullash evaziga Termiz shahridan uy-joy sotib olmoqchi bo‘lgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
LiveBarchasi