Cobalt’da 41 kg “opiy” olib ketayotgan shaxs qo‘lga tushdi (video)
3-sahifa
−
12:16 679 2 daqiqa
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida 41 kilodan ortiq “opiy”ga o‘xshash modda aniqlanib, uni olib ketishga kelgan bir necha shaxs ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, holat “Qoradori-2026” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi doirasida joriy yilning 21 avgust kuni aniqlangan. Viloyat IIB Tezkor-qidiruv xizmati, Jinoyat-qidiruv boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Denov tumani IIB mas’ullari tomonidan olingan tezkor ma’lumot asosida tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida Toshkent viloyatidan Denov tumani tomon harakatlanayotgan Cobalt to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Avtomobilda maxsus joylangan 41 dona o‘ram aniqlangan. Ularning umumiy og‘irligi 41 kilodan ortiq bo‘lib, ichidagi modda “opiy”ga o‘xshash ekani ma’lum bo‘lgan.
Shundan so‘ng, tezkor tadbir nazorat ostida yetkazib berish usulida davom ettirilgan. Mazkur moddalarni olib ketish uchun kelgan bir necha shaxs, jumladan, ularni gaz ballonidan kesib olish uchun “bolgarka” bilan kelgan shaxs ham qo‘lga olingan.
Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 6-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Sergeli tumanida giyohvandlik vositalarini tayyorlash bilan shug‘ullangan 22 yoshli shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi