Saylov byudjetga yovmi?
Jamiyat
−
17 Oktabr
3364Avval iqtisod keyin siyosat. Ammo davlatning iqtisodiy holati siyosat orqali hal qilinadi. Joriy yilning 11 oktyabr kuni Debat Hollda o‘tkazilgan partiyalar o‘rtasidagi 3-munozarada deputatlar aynan pul haqida gaplashdi. Ya’ni davlat puli, byudjeti haqida. Masalan:
“Milliy tiklanish” partiyasi agar saylovda g‘alaba qozonsa, so‘m qadrini oshirmoqchi. Shuningdek, partiya O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar o‘rtasida vizasiz rejimni oshirish niyatida.
“Adolat” partiyasi kiberxavfsizlikka e’tibor qaratmoqchi.
“Asosiy maqsadimiz ko‘p daromad topuvchi aholidan soliq undirish emas, aksincha ularning faoliyatiga yordam berish va past foizli kreditlar olish uchun imkon yaratib berishdir. Iqtisodiy masalalar yuzasidan aniq ikki taklifimiz bor: biri soliq tizimini takomillashtirish, ikkinchisi byudjetni adolatli taqsimlash”, dedi partiyadan vakil Behzod To‘xtamurodov.
O‘zLiDeP esa 2,5 milliondan ortiq yuqori daromadli qo‘shimcha ishchi o‘rni yaratmoqchi. Tadbirkorlar sonini esa 3 milliondan oshirish maqsad qilingan.
Xalq demokratik partiyasi aholi davlat byudjetini boshqarishi va undan xabardor bo‘lishi kerak, degan fikrda. Shuningdek, partiya mehnat migrantlari sharoitlarini yaxshilashga hukumatni undamoqchi.
O‘zbekiston Ekologiya partiyasi esa debat davomida eng muhim ma’lumotni aytdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 4,5 million gektar yer maydoni qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan bo‘lsa, cho‘llangan hududlar undan besh baravar ko‘p. Partiya aynan mana shunga qarshi kurashmoqchi.
Mazkur debat tortishuvlarga boy bo‘ldi. Masalan, rayhon bilan minbarga chiqqan Ekopartiya vakilasi barcha partiyalarga o‘z e’tirozini bildirdi. Ya’ni Ekopartiya “Adolat” Sotsial-demokratik partiyasining noqulay yerlarni aholiga berish taklifiga e’tiroz bildirdi. E’tirozga javoban uning o‘ziga O‘zLiDePdan samarasiz yerlarni qishloq xo‘jaligida ishlatsa bo‘lishi haqidagi e’tirozli taklif bildirildi.
Xalq demokratik partiyasi spikeri Anvarxon Temirov ham Ekologik partiyadan qolishmay, boshqa partiyalarni so‘z bilan savalay ketdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Milliy tiklanish” partiyasining xalqqa berayotgan takliflari oldi qochdi ya’ni “Xalq demokratik partiyasining vakili “Milliy tiklanish” partiyasini “Saylov oldi takliflaringizda tushunmovchiliklar bor, aniq talab va masalalarni bermayapsizlar” deya ayblay ketdi. “Milliy tiklanish” partiyasi taklif qilayotgan qonunlarini qonunchilik palatasiga kiritishga ulgurmaganini aytib o‘zini oqladi.
“Milliy tiklanish” partiyasini ko‘pchilik konservativ deb o‘ylaydi, lekin biz milliy manfaatlarimizga, milliy taraqqiyotimizga qarshi bo‘lgan har narsaga qarshimiz”, dedi partiya vakili.
Bundan tashqari, Anvarxon Temirov O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining takliflari fuqarolarning huquqlarini poymol qilishini aytdi.
“Adolat” Sotsial-demokratik partiyasi ham “Milliy tiklanish” partiyasini oziq-ovqat narxlarini tenglashtirish to‘g‘risidagi taklifi orqali tadbirkorlarni cheklab qo‘yayotganlikda gumon qildi va bunga javoban “Milliy tiklanish” partiyasi ekin ekib kasodga uchrayotgan dehqonlarni himoya qilish uchun bu taklif kerakligini bildirdi.
Navbat “Milliy tiklanish” partiyasiga. Partiya spikeri salomatlikka salbiy ta’sir qiluvchi mahsulotlarga qo‘shimcha soliq solmoqchi bo‘lgan XDPni so‘roqqa tutdi.
“Salomatlikka zarar yetkazadigan mahsulotlarga soliq solishdan oldin uning iqtisodiy samaradorligi qanchalik o‘rganildi va bu taklif davlat byudjetiga katta zarar yetkazmaydimi?!” dedi partiya vakili.
Bu e’tirozga XDP vakili byudjet zarar ko‘rsa ham insonlar zarar ko‘rmasligi kerakligi va ular taklif qilayotgan bu soliqlar hozirgi kunda 50 dan ortiq davlatlarda joriy etilganligini aytib, o‘z taklifini ilgari surdi.
O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi ham hashamatli uy- joylarni quruvchi korxonalarga qo‘shimcha soliq joriy qilmoqchi bo‘lgan raqibidan mantiq so‘radi. Ya’ni bu soliqlar tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga ularning ish faoliyatini cheklab qo‘yish emasmi?! Bu savolga esa XDP shunday javob berdi:
“Biz bu kungacha tadbirkorlarni qo‘llab quvvatladik. Endi navbat ijtimoiy ahvoli og‘ir aholiga. Tadbirkorlardan jamg‘armaga pul ajratib ijtimoiy uylar quramiz”.
LiveBarchasi