2025 yilda byudjetga 309 trln so‘m tushishi ta’minlanadi

Jamiyat

image

Joriy yilda byudjetga 309 trillion so‘m daromadlar tushishini ta’minlash choralari ko‘riladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning bugun, 20 yanvar kuni Hisob palatasi tomonidan 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yilgi asosiy vazifalarga oid taqdimot bilan tanishishi jarayonida ma’lum qilindi.

Taqdimot paytida Hisob palatasining o‘tgan davr mobaynida qilgan ishlari tahlil qilinib, navbatdagi rejalar yuzasidan ma’lumot berildi. Xususan, qayd etilishicha, 2024 yilda Hisob palatasi yangi manbalar hisobidan 3,7 trillion so‘m byudjetga qo‘shimcha tushumlarni ta’minlagan. Vazirlik va idoralarning 9,2 trillion so‘mlik samarasiz xarajatlari maqbullashtirilgan, 2,3 trillion so‘mlik moliyaviy kamchiliklar oldi olingan. Davlat xaridlariga oid 4,5 trillion so‘mlik kamchiliklar bartaraf etilgan.

Mirziyoyev amalga oshirilayotgan bunday tizimli ishlarni joriy yilda ham izchil davom ettirish zarurligini aytdi. Jumladan, “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga 110 ta vazirlik va idoraning ma’lumotlar bazasi integratsiya qilinadi. Bu orqali joriy yilda 480 trillion so‘mlik byudjet xarajatlari monitoringi to‘liq qamrab olinadi. Byudjetga qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash, moliyaviy va boshqa xavflarning oldini olish doimiy vazifa hisoblanadi. Davlat ulushi bor korxonalarning moliyaviy faoliyatini doimiy monitoring qilib borish ham muhim. 2025 yilda byudjetga 309 trillion so‘m daromadlar tushishini ta’minlash choralari ko‘riladi. Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarni xalqaro standartlar asosida auditdan o‘tkazish amaliyoti boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oliy Majlis Senati “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonunni ma’qullagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev byudjet Hisob palatasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing