Belarusda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tmoqda
Olam
−
26 yanvar
5936Bugun, 26 yanvar kuni Belarusda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tmoqda.
Saylovda “prezident” Aleksandr Lukashenkodan tashqari yana uch nomzod prezidentlik uchun kurashmoqda. Bular Liberal-demokratik partiyasi yetakchisi Oleg Gaydukevich, Mehnat va adolat respublika partiyasi rahbari Aleksandr Xijnyak hamda Belarus Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi birinchi kotibi Sergey Sirankov ishtirok etmoqda. Nomzodlar orasida Milliy assambleyaning sobiq deputati va ishbilarmon ayol Anna Kanopatskaya ham bor. Shuningdek, saylov byulletenlarida “barcha nomzodga qarshiman” degan punkt ham mavjud.
Respublika Markaziy saylov komissiyasi bergan xabarga ko‘ra, prezidentlik saylovlarida ishtirok etganlar 50 foizdan oshgan. Minsk vaqti bilan soat 12:00 da saylovchilarning 56,64 foizi ovoz bergan. Saylov ro‘yxatlarida 6,9 million fuqaro bor. Saylovning eng yuqori ishtiroki Gomel va Brest viloyatlarida qayd etilgan – mos ravishda 62,84 foiz va 61,34 foiz. Eng kam saylovchi Minsk shahri (51,29 foiz) va Minsk viloyatida (54,27 foiz) ovoz bergan.
Ovoz berishda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning yarmidan ko‘pi ishtirok etgan taqdirda prezidentlik saylovi o‘tgan hisoblanadi. Agar ovoz berishda qatnashganlarning yarmidan ko‘pi unga ovoz bergan bo‘lsa, davlat rahbari saylangan hisoblanadi.
21-25 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan muddatidan oldin ovoz berishda saylovchilarning 41,81 foizi ishtirok etdi, ularning umumiy soni, Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 6 million 900 ming 959 nafarni tashkil etdi.
Aleksandr Lukashenko 1994 yildan beri Belarus “prezidenti” lavozimini egallab keladi va yettinchi marta prezidentlikka nomzod bo‘lmoqda. “Nasha Niva” nashri manbalariga ko‘ra, Aleksandr Lukashenkoning navbatdagi prezidentlik muddati uchun qayta saylanishidan oldin kuchishlatar tuzilmalar oldiga saylovlardan oldin yoki ovoz berish vaqtida norozilik bildirish ehtimoli bo‘lganlarni “filtrlash” vazifasi qo‘yilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, hududlarda oldindan tintuv qilish va qo‘lga olish uchun mo‘ljallangan shaxslarning ro‘yxati tuzilgan.
Shuningdek, kuchishlatar tuzilmalar saylovlarning “hech qanday ko‘ngilsiz hodisalarsiz” o‘tishini ta’minlashi kerak, jumladan, norozilik varaqalari tarqatish, ovozlarni shaffof hisoblash talablari yoki Lukashenko nomzodiga qarshi chiqishlar kuzatilmasligi zarur.
Saylovning yakuniy natijalari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 10 kun ichida – 5 fevraldan kechiktirmay e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida Lukashenko prezidentlik saylovida ommaviy norozilik yuz bersa internetni butunlay o‘chirib qo‘yishini ma’lum qilgandi. Dekabr oyida Belarus Markaziy saylov komissiyasi mamlakatda 30 yildan beri hukmronlik qilib kelayotgan Aleksandr Lukashenkoni prezident lavozimiga nomzod sifatida ro‘yxatga oldi.
LiveBarchasi