Trampning “qovunlari” ortidan Amerika Demokratlarni tanlamoqda

Tahlil

−

Reklama
0:00

Ötgan ikki yil davomida AQŞ hukumati tölaqonli Respublikaçilar qölida böldi. 2024 yilda bölib ötgan umumiy saylovlardan söng Respublikaçilar Senatda ham, Vakillar palatasida ham köpçilik örinni egallagan, yangi Prezident ham ulardan edi. Ammo bugun oraliq saylovlar natijalari şuni körsatmoqdaki, amerikaliklar sönggi ikki yilda olib borilgan siyosatdan mamnun emas.

AQŞda bölib ötayotgan oraliq saylovlar hali töliq tugagani yöq, lekin Demokratlar allaqaçon bayramni boşlab yuborgan. Negaki, AQŞ Senatidagi 100 örindan 54 tasi, Vakillar palatasida esa 435 örindan 228 tasi allaqaçon ularniki. Tramp esa saylov natijalarini qabul qilişga tayyorligini aytmoqda, çunki boşqa ilojisi ham yöq. Endi janob şoumen xohlaganini qila olmaydi.

Demokratlar Trampni tor-mor qildi

Endi Donald Tramp prezidentligining qolgan ikki yilini ança qiyinçiliklarga boy ötkazişi kutilmoqda. 3 noyabr kuni ötkazilgan oraliq saylovlarda Demokratik partiya nafaqat Vakillar palatasini, balki Senatni ham respublikaçilardan tortib oldi. Saylov natijalari Trampning siyosiy kun tartibiga berilgan jiddiy zarba sifatida baholanmoqda. Har holda, endi uning har qanday qaror-u farmonlariga “xöp” deb könib ketadigan maslakdoşlari qölida u qadar köp vakolat mavjud emas.

AQŞdagi oraliq saylovlar prezidentlik saylovlaridan ikki yil ötib, prezident vakolatining örtasida ötkaziladi. Bu safar ham noyabr oyining birinçi seşanbasi, ya’ni 3 noyabr sanasi – asosiy ovoz beriş kuni böldi. Saylovçilar Kongress Vakillar palatasining barça 435 a’zosini, Senatning 35 örnini hamda bir qator ştat gubernatorlari va mahalliy vakillik organlari a’zolarini sayladi.

Oraliq saylovlarning ahamiyati şundaki, ular prezidentning qonunçilik taşabbuslarini amalga oşiriş imkoniyatiga bevosita ta’sir qiladi. Oq uy respublikaçilar qölida qolgan taqdirda ham, Kongressning har ikki palatasida demokratlar köpçilikni taşkil etişi Tramp uçun qonun loyihalarini ötkaziş, byudjet masalalarini hal qiliş va davlat lavozimlariga nomzodlarni tasdiqlaş jarayonlarini avvalgidan ança murakkablaştiradi.

Associated Press xabarlariga köra, demokratlar Senat hamda Vakillar palatasida nazoratni qölga kiritdi. 4 noyabr kuni e’lon qilingan dastlabki hisob-kitoblarda Senatda demokratlar va ular bilan ovoz beruvçi mustaqil senatorlar 54 öringa, respublikaçilar esa 44 öringa ega bölgani körsatilgan. Vakillar palatasida esa 435 örindan 367 tasi böyiça natijalar aniqlangan: demokratlar 228, respublikaçilar 139 örinni qölga kiritgan. Qolgan okruglarda ovozlarni sanaş davom etayotgan edi.

Bu natija Tramp ma’muriyati uçun jiddiy siyosiy tösiq bölişi mumkin. Demokratlar yangi Kongressda prezident ma’muriyati faoliyatini tekşiriş, qonunçilik taşabbuslarini töxtatiş va Senatdagi vakolatlari orqali uning nomzodlarini tasdiqlamaslik imkoniyatiga ega böladi. Tramp esa natijalarni tan olişini va ular bilan işlaşni intiqlik bilan kutayotganini aytgan.

“Men bu natijalarni qabul qilişga mutlaqo tayyorman. Biz Demokratlar bilan işlaymiz va ular bilan hamkorlik qilişni kutamiz. Biz baribir bir töxtamga kelişimiz mumkin”, degan u.

Şuningdek, u özining Truth Social tarmoğidagi sahifasida nomzodlarning ğalabalari va mağlubiyatlari ortidagi sabablarni tahlil qilişini aytgan va ortidan “VETO” sözi tuşirilgan qizil kepkaning suratini joylagan.

“Ular aqlga siğmaydigan narsalarni yuborişadi va men ularga veto qöyaman. Bir neça oylik vetolardan söng, ular menga qönğiroq qilib: “Buni qanday hal qilamiz?” deyişadi. Ana öşanda birga işlaymiz. Veto kuçi – bu prezident ega bölgan eng kuçli vakolatlardan biridir”, deb qöşimça qilgan u.

Otdan tuşsa ham egardan tuşmaydigan janob Tramp ötgan ikki yildagi faoliyatini hanuz muvaffaqiyatli deb baholamoqda. 3 noyabr kuni The New York Times naşriga bergan intervyusida Oq uy rahbari 2024 yildan hozirgaça olib borgan siyosati haqida gapirar ekan, buni “har qanday prezident tarixidagi eng muvaffaqiyatli ikki yillik davr”, deb baholaşini aytgan. Şuningdek, u mağlubiyatga sabab sifatida byulletenlarda öz ismining yöqligini keltirgan.

“Men saylov byulletenida yöq edim va agar bölganimda, biz katta farq bilan ğalaba qozongan bölar edik”, degan u.

Bir söz bilan aytganda, Tramp allaqaçon qiyin ahvolda, buni özi ham yaxşi sezib turibdi. Şunçaki, jurnalistlar kameralari oldida haqiqatni tan olgisi kelmayapti, xolos.

Saylovdagi sensatsiyalar

Saylovning eng katta kutilmagan natijalaridan biri Texasda kuzatildi. AQŞning eng yirik va an’anaviy respublikaçilar ştati hisoblangan Texasda demokratlar Senat örnini qölga kiritdi. Demokrat Jeyms Talariko respublikaçi Ken Pakstonni mağlub etdi. Bu 1988 yildan beri Texasda demokratlarning AQŞ Senatiga ilk bor öz vakilini saylaşi böldi. Boşqaça aytganda, ştatda qariyb 38 yillik siyosiy an’ana buzildi.

Biroq Texasdagi sensatsiya faqat Senat bilan çeklanmadi. Demokrat Jina Xinoxosa respublikaçi amaldagi gubernator Greg Ebbottni ham mağlub etdi. U ştat tarixidagi kelib çiqişi lotin amerikalik bölgan ilk gubernatorga aylanadi.

Yana bir tarixiy natija Kanzasda qayd etildi. Demokrat Adam Hamilton respublikaçi amaldagi senator Rojer Marşallni mağlub etdi. Kanzas 1932 yildan beri, ya’ni Buyuk depressiya davridan buyon Senatga demokrat vakil saylamagan edi. Oradan 94 yil ötib, ştatdagi siyosiy muvozanat özgardi. Janubiy Karolinada ham demokrat Enni Endryus respublikaçi Darlin Gremni mağlub etdi. Bu ştat 1998 yildan beri Senatga demokrat saylamagan edi.

Demokratlar Ogayo, Şimoliy Karolina, Men va Ayova kabi ştatlarda ham Senat örinlarini qölga kiritdi. Ayniqsa, 2024 yilgi prezidentlik saylovida Tramp işonçli ustunlik bilan ğalaba qozongan hududlarda demokratlarning muvaffaqiyati respublikaçilar uçun jiddiy ogohlantiriş böldi. “Reuters” ma’lumotiga köra, saylov natijalari e’lon qilinayotgan paytda ovozlar sanalgan qariyb 1 700 okrugning aksariyatida respublikaçilar avvalgi natijalariga nisbatan pozitsiyalarini yöqotgan.

Saylovdagi yana bir qator tarixiy natijalarga töxtaladigan bölsak: Jorjiya ştatida Keyşa Lens Bottoms gubernatorlikni qölga kiritib, AQŞ tarixida gubernator etib saylangan ilk qora tanli ayolga aylandi. Florida ştatida respublikaçi Bayron Donalds ştat tarixidagi ilk qora tanli respublikaçi gubernator böldi.

Senat tarkibida ham tarixiy özgarişlar yuz berdi. Abdul Al-Sayid ilk musulmon senatorga aylandi. Prezident Donald Tramp tomonidan qöllab-quvvatlangan Mayk Rojers esa mağlub böldi. Şundan söng Al-Sayid 4 noyabr kuni tongda xalqqa murojaat qilib, “eng kutilmagan nomzodlarga” imkoniyat bergani uçun rahmat aytgan.

“Ular ba’zilarimiz uçun öta tor bölgan Amerikani xohlaşgan edi. Biz esa, bu barçamiz uçun yetarliça keng Amerika ekanini bilamiz”, deb qöşimça qildi Al-Sayid.

Qiziği şundaki, Abdul Al-Sayid Tramp va Rojers tomonidan kommunist sifatida tasvirlangan, uning Isroil hamda Islom diniga bölgan munosabati tanqid qilingan edi. Ammo saylov natijalari şuni körsatdiki, amerikaliklar allaqaçon ijtimoiy yordamlarga ehtiyoj sezmoqda, Islom dini haqidagi eski propaganda vositalari esa allaqaçon işlamay qolgan.

Amerikaliklar nimadan norozi?

Donald Tramp prezidentlikka qaytganidan ikki yil ötib, amerikalik saylovçilar uning siyosatiga munosabatini saylov qutilarida namoyon qildi. 3 noyabr kuni bölib ötgan oraliq saylovlarda demokratlarning Kongressdagi ğalabasi şunçaki partiyaviy ustunlik almaşinuvi emas, balki Tramp ma’muriyatiga nisbatan kuçayib borayotgan norozilikning siyosiy ifodasiga aylandi. Endi Oq uy nafaqat Kongressdagi muxolifat bilan hisoblaşişga, balki prezident faoliyati yuzasidan yangi tekşiruvlar va 2028 yilgi vorislik kuraşiga ham tayyor turişi kerak.

Norozilikning birinçi va eng oğriqli sababi – iqtisodiyot. Tramp 2024 yilgi prezidentlik kampaniyasida inflyatsiyani jilovlaş, narxlarni tuşiriş va amerikaliklarning turmuş darajasini yaxşilaşga va’da bergan edi. Ammo saylovçilar kundalik hayotda buning aksini his qilmoqda: oziq-ovqat, yonilği, tibbiy xizmat va kommunal tölovlar oilalar byudjetiga bosim ötkazişda davom etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda yonilği quyiş şoxobçalarida odamlar “Amerikani qayta qaşşoq qilganing uçun rahmat”, deya Trampga kinoyali taşakkurlar aytişmoqda. Yonilği narxlarining qimmatligi oddiy amerikalikning saylovda qaror qabul qilişiga jiddiy ta’sir körsatmoqda.

Associated Press (AP) saylovçilar örtasida ötkazgan sörovga köra, respondentlarning qariyb uçdan ikki qismi Tramp siyosati mamlakatdagi iqtisodiy vaziyatni yomonlaştirgan, deb hisoblaşi ma’lum bölgan. Xuddi şunça amerikalik u joriy qilgan bojxona tariflari ham milliy yoki mahalliy iqtisodiyotga zarar yetkazganini bildirgan.

Ikkinçi sabab – Eron bilan uruş va uning iqtisodiy oqibatlari. Tramp ma’muriyatining harbiy siyosati amerikaliklar orasida ham birdek qöllab-quvvatlanmayapti. Yaqin Şarqdagi harbiy mojaro neft ta’minoti va energetika bozorlariga bosim ötkazib, yonilği narxlariga ta’sir körsatdi. Natijada xalqaro siyosiy qarorlarning oqibati oddiy amerikalikning hamyonida sezila boşladi.

Bundan taşqari, saylovçilarning hukumatdagi korrupsiya va manfaatlar töqnaşuviga munosabati ham Tramp uçun jiddiy muammoga aylanib bormoqda. “AP Voter Poll” ma’lumotlariga köra, amerikaliklarning yarmidan köpi hukumatdagi korrupsiyani Kongress saylovlarida ovoz berişiga ta’sir qilgan hal qiluvçi omillardan biri deb körsatgan. Respondentlarning qariyb uçdan ikki qismi Tramp mamlakat manfaatlaridan köra, öz şaxsiy manfaatlarini ustun qöyadi, deb hisoblaydi. Prezident oilasining biznes faoliyati, yirik kompaniyalarning Oq uy bilan aloqalari va davlat siyosatidan xususiy manfaatlar yölida foydalanilişi haqidagi savollar norozilikni yanada kuçaytirmoqda.

Muammoning yana bir tomoni – Trampning boşqaruv uslubi. Prezidentning qarorlar qabul qilişda Kongress bilan yetarliça hisoblaşmasligi, federal xodimlarni qisqartiriş, Federal zaxira tizimiga bosim ötkaziş va an’anaviy ittifoqçilar bilan keskin munosabatlar ham siyosiy bahslarning markazida böldi. Saylovçilarning qariyb 70 foizi Kongress prezident vakolatlarini yetarliça nazorat qilmayapti, deb hisoblagan. E’tiborlisi, bu fikrni faqat demokratlar emas, respublikaçilarning qariyb 40 foizi ham qöllab-quvvatlagan. Demak, norozilik faqat Trampning siyosiy raqiblariga xos emas, uning öz partiyasi içida ham prezident vakolatlarini çeklaş zarurati haqida qaraşlar mavjud.

Respublikaçilarning mağlubiyatida Trampning nomzod tanlaşdagi qarorlari ham muhim rol öynadi. Prezident partiyaviy sadoqatni siyosiy tajriba va obrödan ustun qöyganlikda tanqid qilinmoqda. Masalan, Texasda u Senat saylovida amaldagi senator Jon Kornindan köra, korrupsiya ayblovlari va siyosiy mojarolar bilan tanilgan Ken Pakstonni qöllab-quvvatlagan. Natijada hatto Texas ham demokratlar qöliga ötib ketdi.

Qisqa qilib aytganda, ötgan ikki yil Trampning özi aytgandek tarixdagi eng muvaffaqiyatli davr emas, aksinça, amerikaliklarning sabrini sinovdan ötkazgan davr böldi. Endi esa hokimiyatning katta qismi demokratlar qölida va janob Trampni oldinda katta tergovlar, hatto impiçment ham kutayotgan bölişi mumkin. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing