Saudiyadagi muzokaralarga Erdo‘g‘an ham qo‘shildi

Olam

image

Bugun, 14 may kuni Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida Turkiya, AQSH, Saudiya Arabistoni va Suriya yetakchilari ishtirokida onlayn formatdagi to‘rt tomonlama muloqot tashkil etildi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Ar-Riyodda uchrashgan AQSH Prezidenti Donald Tramp, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud va Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara (Abu Muhammad al-Jo‘loniy) Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot qilgan.

Erdo‘g‘an Anqara Suriyaning barqaror, farovon va mintaqadagi davlatlar bilan hamkorlik qiluvchi davlatga aylanishini istashini aytgan. U Suriya qo‘shnilari uchun tahdid bo‘lmasligi kerakligini ta’kidlagan.

Erdo‘g‘an, shuningdek, Turkiya Damashq ma’muriyatini ISHID kabi terroristik tashkilotlarga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirgan. U, agar zarurat tug‘ilsa, Suriya hududida terrorchilar saqlanayotgan qamoqxonalarning xavfsizligini ta’minlashda ham yordam berishga tayyorligini aytgan.

Uchrashuvda AQSH Prezidenti Donald Trampning Suriyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish qarori “tarixiy ahamiyatga ega” ekani ta’kidlangan. Erdo‘g‘anning fikricha, bu qaror boshqa davlatlar uchun ham namuna bo‘lishi mumkin va Suriyada investitsiya imkoniyatlarini ochadi.

Qolaversa, Erdo‘g‘an G‘azo sektoridagi og‘irlashayotgan gumanitar vaziyatga ham e’tibor qaratgan. U Turkiya mintaqadagi zo‘ravonlikni to‘xtatish uchun harakatlarni davom ettirayotganini va G‘azodagi insoniy fojia darhol tugatilishi lozimligini ta’kidlagan.

U, shuningdek, Rossiya-Ukraina urushi doirasida o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik bo‘yicha muzokaralarni kechiktirmasdan texnik darajada boshlash foydali bo‘lishini qayd etgan.

“Turkiya tinchlikka erishish yo‘lida barcha imkoniyatlarini ishga solishda davom etadi”, degan Erdo‘g‘an.

Ma’lumot uchun, AQSH Prezidenti Donald Tramp Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘anga murojaat qilib, Ukrainadagi mojaroda vositachilik qilishni so‘ragan edi. Trampga ko‘ra, Turkiya rahbarining Rossiya bilan ham, Ukraina bilan ham aloqasi juda yaxshi va u vositachilik rolini amalga oshira oladi. Qolaversa, 10 may kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Kiyevga borgan yevropalik siyosatchilar tinchlik sa’y-harakatlari bo‘yicha AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan telefon muloqot qilgan edi. Muloqotda Zelenskiy  12 may kunidan boshlab Ukraina 30 kunga o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligini bildirgan edi. 11 mayga o‘tar kechasi esa Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga hech qanday shartlarsiz Istanbulda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara o‘tkazishni taklif qilgandi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa 15 may kuni Istanbulda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil dekabrda Suriyada hokimiyatni egallagan Ahmad ash-Shara joriy yilning 29 yanvar kuni mamlakatning o‘tish davridagi prezidenti deb e’lon qilingandi. 2 fevral kuni u Saudiya Arabistoniga ilk xorijiy tashrifini amalga oshirdi. Mazkur tashrif doirasida u Ar-Riyodda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan uchrashdi. 3 fevral kuni u Makka shahrida Umra ziyoratini amalga oshirdi. Unga Ka’ba eshiklari ham ochib berildi. Ash-Sharaning 2-xorijiy safari Turkiyaga bo‘ldi. Ash-Shara muzokaralar chog‘ida hukm surgan ijobiy atmosfera uchun Erdo‘g‘anga  minnatdorlik bildirib, Turkiya Prezidentini eng qisqa vaqt ichida Suriyaga tashrif buyurishga taklif qildi. Qolaversa, ash-Shara 11 aprel kuni ham Turkiyaning Antaliya shahrida Antaliya diplomatiya forumi doirasida (ADF 2025) Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashgan edi.

7 may kuni Suriyaning yangi muvaqqat rahbari o‘zining birinchi Yevropa tashrifini Fransiyadan boshladi va mamlakat Prezidenti Emmanuel Makron bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuv o‘tkazdi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Saudiya Arabistoni Rajab Toyib Erdo'g'an Ahmad ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing