Saudiya Isroil tufayli AQSH bilan mudofaa shartnomasidan voz kechdi

Olam

image

Saudiya Arabistoni Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish evaziga Vashington bilan keng qamrovli mudofaa shartnomasini qo‘lga kiritish harakatidan voz kechdi va endi kamtarroq harbiy hamkorlik shartnomasiga intilmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, joriy yil boshlarida Riyod keng qamrovli xavfsizlik shartnomasi ustida kelishish maqsadida Falastin davlatchiligiga bo‘lgan pozitsiyasini yumshatgandi. Xususan, Saudiya Qirolligi Vashingtonga Isroilning “ikki davlat yechimi” g‘oyasini jamoatchilik oldida qo‘llab-quvvatlashi Saudiyaning munosabatlarni normallashtirishi uchun yetarli bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Biroq G‘azodagi harbiy harakatlar sababli Saudiya va Yaqin Sharqda jamoatchilik g‘azabi kuchayishi fonida valiahd shahzoda Muhammad bin Solmon Isroilni tan olishni Falastin davlatini yaratishga qaratilgan aniq qadamlar bilan yana bog‘lagan.

G‘arb diplomatlariga ko‘ra, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Saudiya bilan munosabatlarni normallashtirishga, buni tarixiy bosqich sifatida qabul qilinishiga intilmoqda. 

“Hozircha, ikki rahbar o‘z ichki qudrat manbalaridan kelib chiqib harakatlanmoqda. Riyod va Vashington Baydenning 2025 yil yanvarda prezidentlik muddati tugaguncha yanada kamtarroq mudofaa shartnomasiga erishishga umid qilmoqda”, deyiladi xabarda.

Nashr manbasiga ko‘ra, to‘liq miqyosdagi AQSH-Saudiya shartnomasi AQSH Senatida uchdan ikki ovoz bilan tasdiqlanishi kerak bo‘ladi va bu Riyod Isroilni tan olmaguncha amalga oshmaydi. 

Hozirgi muhokama qilinayotgan shartnoma qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar va mintaqaviy tahdidlarga qarshi qo‘shma chora-tadbirlarni, asosan Eronga qarshi harakatlarni kengaytirishni o‘z ichiga oladi. U AQSH va Saudiya mudofaa kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantiradi, Xitoy bilan hamkorlikni cheklashga kafolat beradi.

Shuningdek, shartnoma Saudiyaning dronlarga qarshi mudofaa kabi ilg‘or texnologiyalarga sarmoya kiritishini qo‘llab-quvvatlaydi va Qo‘shma Shtatlar Ar-Riyodda o‘qitish, logistika va kiberxavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash orqali o‘z mavjudligini oshiradi hamda raketalarga qarshi mudofaa va integratsiyalashgan to‘siqni kuchaytirish uchun Patriot raketa batalonini joylashtirishi mumkin bo‘ladi.

Ammo bu AQSH kuchlarini chet el hujumi bo‘lgan taqdirda dunyodagi eng yirik neft eksportchisini himoyalashga majbur qiladigan o‘zaro mudofaa shartnomasi bo‘lmaydi.

“Saudiya Arabistoni xavfsizlik bo‘yicha kelishuvga erishadi. Bu esa ko‘proq harbiy hamkorlik va AQSH qurollarini sotish imkonini beradi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistoni Isroil davlatini hozirgacha rasman tan olmagan va diplomatik munosabatlar o‘rnatmagan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Saudiya Arabistoni mudofaa shartnomasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing