Saudiya Arabistoniga hujum qilishda Eronning “qo‘li” bor – BMT

Olam

image

"Saudi Aramco" neft kompaniyasi va Abha shahridagi aeroportga Eronda ishlab chiqarilgan qurol-yarog‘ bilan hujum amalga oshirilgan. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh kotibi Antonio Guterreshning Xavfsizlik Kengashidagi hisobotiga tayanib, "Reuters" agentligi xabar bermoqda.

"Birlashgan Millatlar Tashkilotining kotibiyati, to‘rtta hujumda ishlatilgan kruiz raketalari yoki ularning tarkibiy qismlari Eronda ishlab chiqarilgan deb hisoblaydi", deydi Guterresh.

Qayd etilishicha, BMT ob’ektlarga hujum qilingan qurollarning qoldiqlarini tahlil qilgan. Ma’lum qilinishicha, gap Saudiyaning Afif shahridagi neft kompaniyasiga 2019 yil may oyida qilingan hujumlar hamda iyun va avgust oylarida Abha aeroportidagi otishmalar haqida bormoqda.

Hisobotda aytilishicha, 2019 yil sentyabr oyida Saudiya Arabistonining Abkaik va Xurayisdagi ob’ektlariga amalga oshirilgan hujum paytida foydalanilgan dronlar Eronda ishlab chiqarilgan. Saudiya Arabistonining Abha shahrining aerodromi bir necha bor yamanlik Xusiylar tomonidan hujumga uchragan va bombardimon qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 14 sentyabrda "Saudi Aramco" kompaniyasining Abkaik va Xurayzdagi eng yirik ikkita korxonasiga hujum qilingan. Xusiylar hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmalariga olishgan.

Shuningdek Xusiylar hujum vaqtida portlash moslamalari bilan to‘ldirilgan uchuvchisiz dronlardan sabotajda foydalanishgan. Portlashlar va yong‘inlar natijasida qirollikda neft qazib olish vaqtincha kuniga 5,7 million barrelga qisqartirilgan.

Ma’lumot uchun, Yamandagi qurolli mojaro 2014 yil mart oyidan beri davom etmoqda. Saudiya Arabistoni unga 2015 yilda aralashgan. Rasmiy ar-Riyod boshchiligidagi Arab koalitsiyasi Yaman Prezidenti Abdu Rabbo Mansur Hadiy qo‘shinlarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Tahminlarga ko‘ra, muxolif bo‘lgan Xusiylarni Saudiyaning mintaqadagi raqibi Eron qo‘llamoqda. Saudlar bir necha bor Eronni Xusiylarga qurol yetkazib berishda ayblagan. Eron bu davolarni muntazam rad etib kelmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Saudiya Arabistoni BMT

Baholaganlar

93

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing