Saudiya AQSH-Ukraina uchrashuviga tayyorlanmoqda

Olam

image
AQSH va Rossiya Ar-Riyodda nimalarga kelishib oldi? north_east

AQSH va Rossiya Ar-Riyodda nimalarga kelishib oldi?

Saudiya Arabistoni AQSH va Ukraina o‘rtasida kelasi hafta uchrashuv o‘tkazish imkoniyatini olqishladi. Bu haqda kecha, 7 mart kuni podshohlik Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.

Rasmiy Ar-Riyod Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushni tugatish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni davom ettirish niyatida ekanini ta’kidladi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham 10 mart kuni Saudiya Arabistoniga borishini aytgan. Zelenskiy valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan bo‘lajak uchrashuv va AQSH rasmiylari bilan muzokaralar o‘tkazishini ma’lum qildi.

Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, AQSH-Ukraina muzokaralari Qizil dengiz sohilidagi Jidda shahrida bo‘lib o‘tadi.

“Tashqi ishlar vazirligi podshohlik Ukraina inqiroziga barham berish uchun mustahkam tinchlikka erishish yo‘lida harakat qilishda davom etayotganini tasdiqladi”, deyiladi bayonotda.

O‘z navbatida, AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff Ukraina bilan urushni tugatish bo‘yicha ramka kelishuvi bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini va kelasi hafta Saudiya Arabistonida Ukraina tomoni bilan uchrashishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida AQSH va Rossiya rasmiylari Ar-Riyodda uchrashib, Yevropada Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng qonli mojaroga barham berish yo‘llarini muhokama qilgan edi. Ukraina bu muzokaralarda qatnashmadi.

Prezidentlar Donald Tramp va Vladimir Zelenskiy o‘rtasida 28 fevral kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yomon o‘tdi va uchrashuvdan bir necha kun o‘tgach, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga harbiy yordam berishni, shuningdek, Kiyev bilan razvedka ma’lumotlarini almashishni to‘xtatgan edi.

Keyinroq tomonlar Ukraina mineral xomashyolarini o‘zlashtirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ustida ishlashni davom ettirdi. 4 mart kuni Tramp Kongressda nutq so‘zlaganida, u Zelenskiydan Ukraina rahbari “imkon qadar tezroq muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyorligini” aytgan maktub olganini aytdi.

AQSHning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus elchisi Kit Kellogg 6 mart kuni AQSH hozirda Zelenskiydan keyingi choralar ko‘rishini kutayotganini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Saudiya Arabistoni Ukraina Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing