Zelenskiy, Rossiya, intim dipfeyklar. Tramp Kongressda nimalar haqida gapirdi?
Olam
−
05 mart
7051Bugun, 5 mart kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Kongressning ikkala palatasi oldida “Amerika orzusining qayta tiklanishi” mavzusida nutq so‘zladi. Trampning Kongressga murojaati televideniye orqali jonli efirda translyatsiya qilindi.
Uning nutqi bir yarim soat davom etdi va bu vaqt bo‘yicha AQSH Prezidentining Kongress oldida qilgan eng uzoq chiqishlaridan biri sifatida qayd etildi.
Ukraina va Rossiya bilan muzokaralar
“Men Ukraina Prezidenti Zelenskiydan muhim maktub oldim. Unda shunday deyiladi: Ukraina iloji boricha tezroq muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyor, bu barqaror tinchlikka erishish uchun zarur. Prezident Tramp rahnamoligida biz mustahkam tinchlik sari harakat qilamiz va AQSHning Ukraina suvereniteti yo‘lidagi hissasini yaxshi bilamiz”, dedi Tramp.
U, shuningdek, Ukraina bilan foydali qazilmalar bo‘yicha bitim tayyorlanayotganini ma’lum qildi va “Ukraina uni imzolashga tayyor” ekanidan minnatdor ekanligini bildirdi.
“Biz Rossiya bilan ham jiddiy muzokaralar olib boryapmiz. Ko‘rinib turibdiki, Rossiya ham tinchlik muzokaralariga tayyor. Bu juda yaxshi emasmi?” deya ta’kidlagan AQSH yetakchisi.
Intim dipfeyklar va yangi qonun
Shuningdek, Tramp internetda intim dipfeyk materiallarini yaratish va tarqatish uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi qonun haqida ham gapirdi. U ushbu hujjatdan shaxsan o‘zi ham foydalanishini aytdi, chunki internetda hech kimga unga qarshi bo‘lgani kabi shafqatsiz munosabatda bo‘linmaydi. (Gap Take it Down Act – pornografik materiallardan himoyalanish qonuni haqida ketmoqda. Bu qonunni AQSHning birinchi xonimi Melaniya Tramp faol ilgari surmoqda).
Tramp yana nimalar haqida gapirdi?
- U Rossiya tomonidan Ukrainaga nisbatan tinchlik muzokaralariga tayyorlik borasida “kuchli signallar” olinganini bildirdi.
- Ukrainadagi urushni “aqldan ozdiruvchi” deb atab, barcha tomonlarni muzokaralarga chaqirdi.
- AQSH Grenlandiyani o‘z tarkibiga qabul qilishga tayyor ekanini, agar uning aholisi bunga rozi bo‘lsa, bu masala “baribir hal bo‘lishini” aytdi.
- Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Panama kanali ustidan nazoratni qayta tiklash jarayonini boshladi va amerikalik kompaniya shartnoma imzoladi.
- Shuningdek, Vashington import tovarlariga tariflarni oshirishini e’lon qildi.
- Trampning ta’kidlashicha, Xitoy, Hindiston va Yevropa Ittifoqi AQSHning javob choralariga tayyor bo‘lishi kerak, yangi bojlar 2 apreldan kuchga kiradi.
- Prezident Kongressdan AQSHda to‘liq ishlab chiqariladigan yangi Golden Dome (Oltin gumbaz) raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini yaratish uchun mablag‘ ajratishni so‘radi.
- Shuningdek, u har qanday sohaga ishga qabul qilishda asosiy mezon kasbiy mahorat bo‘lishi, irq emasligi kerakligini ta’kidladi.
- Tramp AQSH Marsda va undan ham uzoqroqda Amerika bayrog‘ini o‘rnatishini aytdi va AQSHni “dunyo hali ko‘rmagan oltin davr” kutayotganini da’vo qildi.
- Uning aytishicha, AQSHda politsiyachilarni o‘ldirganlik uchun o‘lim jazosi joriy etiladi.
Ukraina bo‘yicha bayonotlar va demokratlarning noroziligi
“Men Ukrainadagi shafqatsiz mojaroni tugatish uchun tinimsiz ishlayapman”, dedi Tramp kongressmenlarga murojaat qilib.
Uning so‘zlariga ko‘ra, millionlab ukrainaliklar va rossiyaliklar bu mudhish va shafqatsiz urushda behuda halok bo‘lgan yoki yaralangan, bu urushning oxiri ko‘rinmayapti. AQSH Ukrainaga mudofaa yordami uchun yuzlab milliard dollar ajratgan.
“Bu yana besh yil davom etishini istaysizmi?” dedi Tramp va AQSH Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun Yevropadan ko‘ra ko‘proq mablag‘ sarflaganini ta’kidladi.
“Achinarlisi shundaki, Yevropa Ukrainani himoya qilishdan ko‘ra Rossiya neft va gazini sotib olishga ko‘proq pul sarfladi. Buni bir o‘ylab ko‘ring,” dedi AQSH Prezidenti.
Trampning Ukrainaga oid nutqi chog‘ida ayrim demokratlar zalni tark etgan. Biroq namoyishlar yoki tuxum uloqtirish holatlari kuzatilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSHdan Ukrainaga ajratilayotgan harbiy yordamning taqdiri haqida rasmiy ma’lumot olish bo‘yicha mamlakatning turli idoralar rahbarlariga topshiriq bergan edi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

