AQSH va Rossiya Ar-Riyodda nimalarga kelishib oldi?

Olam

image

Bugun, 18 fevral kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan Amerika va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar doirasida AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov uchrashdi. Bu haqda Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, uchrashuv AQSH Prezidenti Donald Trampning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan joriy yilning 12 fevral kuni bo‘lgan muloqotning davomi sifatida tashkil etilgan. Davlat kotibi Rubio bilan birga Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uolts va Tramp tomonidan ikki tomonlama munosabatlarni qayta tiklash uchun tanlangan maxsus elchi Stiv Uitkoff ham ishtirok etgan. Lavrovga esa Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov hamrohlik qilgan.

“Prezident Tramp qon to‘kilishini to‘xtatishni xohlaydi. Amerika Qo‘shma Shtatlari tinchlik istaydi va dunyodagi nufuzidan mamlakatlarni birlashtirish uchun foydalanmoqda. Prezident Tramp Ukraina va Rossiyani tinchlikka olib kelishga qodir yagona yetakchidir”, deyiladi bayonotda.

Bildirilishicha, tomonlar uchrashuvda quyidagilarga kelishib olgan:

  • Ikki tomonlama munosabatlarga ta’sir qiluvchi muammolarni hal etish uchun maslahatlashuv mexanizmini yaratish va diplomatik missiyalarning normal faoliyat yuritishi yo‘lida zarur choralarni ko‘rish;
  • Ukrainadagi mojaroni tezroq tugatish uchun barqaror, uzoq muddatli va barcha tomonlar uchun maqbul yo‘lni ishlab chiqish maqsadida tegishli yuqori darajali ishchi guruhlarni tayinlash;
  • Kelajakdagi hamkorlik uchun asos yaratish, jumladan, Ukrainadagi mojaroga barham berilgach, yuzaga keladigan geosiyosiy manfaatlar va iqtisodiy-investitsion imkoniyatlarni o‘rganish.

Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari jarayonning o‘z vaqtida va samarali davom etishini ta’minlash uchun doimiy aloqada bo‘lishga kelishib olgan.

“Bitta telefon qo‘ng‘irog‘i yoki bitta uchrashuv barqaror tinchlik o‘rnatish uchun yetarli emas. Amaliy choralar ko‘rish lozim va bugungi uchrashuv shu yo‘lda muhim qadam bo‘ldi. Ushbu uchrashuvga mezbonlik qilgan Saudiya Arabistoni podshohligiga va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon Ol Saudga minnatdorlik bildiramiz”, deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya va AQSH o‘rtasidagi muzokaralar bugun ertalab mahalliy vaqt bilan soat 10:30 da Ar-Riyodda boshlangandi. Taxminan 2,5 soatdan so‘ng tomonlar 15 daqiqalik tanaffusga chiqqan, shundan so‘ng muzokaralar tushlikkacha davom etgan. Keyinroq esa Yuriy Ushakov muzokaralardan keyin jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Amerika va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar yakunlanganini bildirgan. Ushakov muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tganini va tomonlar kelgusida bir-birining manfaatlarini hisobga olishga kelishib olganini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Saudiya Arabistoni Ukraina Sergey Lavrov Ar-Riyod Marko Rubio

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing