Sardoba suv omborida noqonuniy baliq ovlagan olti kishi qo‘lga olindi
3-sahifa
−
06 aprel 2023
7925Sirdaryo viloyati Sardoba suv omborida noqonuniy ravishda baliq ovlagan ikki fuqaro aniqlandi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Aytilishicha, 30-mart – 1-aprel kunlari Tabiat resurslari vazirligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya organlari hamkorligida navbatdagi nazorat reyd tadbirlari o‘tkazilgan. 30 mart kuni tungi soat 23:00 dan 31 mart kuni 03:00 ga qadar taqiqlangan baliq tutish qurollari yordamida uch turdagi 242 dona baliq ovlangan.
Huquqbuzarlardan 1 dona rezina qayiq, 1 dona akkumulyator, 1 dona elektr qarmoq hamda 1 juft eshkak daliliy ashyo sifatida vaqtincha saqlash uchun olib qo‘yilgan. Shuningdek, huquqbuzarlarga nisbatan hayvonot dunyosiga yetkazilgan 196 million 380 ming so‘m zarar miqdori belgilangan.
1 aprel kuni o‘tkazilgan reyd davomida esa Sardoba suv omborida to‘rt nafar fuqaro taqiqlangan baliq tutish qurollari yordamida jami 6 turdagi 288 dona baliqni noqonuniy ovlagani aniqlangan. Huquqbuzarlardan 2 dona alyumin qayiq, 2 dona benzinli dvigatel va 500 metr leskali to‘rlar daliliy ashyo sifatida vaqtincha saqlash uchun olib qo‘yilgan. Ushbu huquqbuzarlarga nisbatan hayvonot dunyosiga yetkazilgan 83 million 670 ming so‘m zarar miqdori belgilangan.
Yuqorida qayd etilgan holatlar yuzasidan qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rish maqsadida prokuratura organiga taqdim etish uchun hujjatlar rasmiylashtirilgan.