Sara Nazarboyevaning o‘limi haqidagi xabarlar rad etildi
Olam
−
14 may 2025 11834 2 daqiqa
Avvalroq, Qozog‘istonning bir necha nashrlari mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning rafiqasi Sara Nazarboyeva vafot etgani haqida xabarlar tarqatgandi. Nazarboyevaning vafoti haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda Qozog‘iston birinchi prezidentining matbuot kotibi Aydos Ukibay ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
“OAVdan kelgan ko‘plab so‘rovlarga javoban bildiraman – Sara Alpisovna hozirda shifoxonada davolanmoqda. Uning vafoti haqida tarqalgan ma’lumotlar haqiqatga zid”, deb yozgan Ukibay.
Bildirilishicha, Sara Nazarboyeva ayni paytda Qozog‘iston Respublikasi Prezident ma’muriyatining tibbiyot markazida davolanmoqda. Tibbiyot muassasasi ma’muriyati bemor bilan bog‘liq barcha muolajalar belgilangan tibbiy standartlar asosida, malakali mutaxassislar nazoratida olib borilayotganini ma’lum qilgan.
Uning sog‘lig‘i og‘ir deb baholangan bo‘lsa-da, o‘limi haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Shifoxona axborotiga ko‘ra, bemorning sog‘lig‘i, tashxisi va davolash natijalari shifokorlik siri hisoblanadi, shuning uchun bu borada batafsil ma’lumot berilmayapti.
2024 yil dekabr oyida ham ijtimoiy tarmoqlarda Sara Nazarboyeva vafot etdi degan xabarlar tarqalgan, biroq bu holat raddiya bilan inkor etilgan edi.
Ma’lumot uchun, Sara Nazarboyeva 1941 yil 12 fevralda tug‘ilgan. U 1991–2019 yillar davomida Qozog‘istonning birinchi xonimi bo‘lgan. U ijtimoiy faoliyati bilan tanilgan – “Bo‘bek” fondi asoschisi, bolalar huquqlari, yetimlar va o‘zini anglash dasturlari yo‘nalishida faol ishlagan.
Live
Barchasi