“Sanjik” qamoqxonada soch ektirdimi?
Jamiyat
−
21 iyul 6601 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda “Real Sanjik” taxallusi bilan tanilgan bloger Sanjar Karimovning qamoqdaligida soch ektirgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan QALAMPIR.UZ Karimovning advokatlari bilan bog‘landi.
Avvalgi sud jarayonlarida Sanjar Karimov qamoqxona ichki tartibiga muvofiq sochi olingan holda, asosan bosh kiyimda ishtirok etayotgandi. Biroq 29 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida boshlangan apellyatsiya instansiyasi sud muhokamalarida u yoz fasli bo‘lgani uchun bosh kiyimsiz qatnashdi. Shu bois Karimovning peshona qismidagi sochlari boshqacha ko‘rinayotgani ijtimoiy tarmoqlarda turli taxminlarga sabab bo‘ldi.
Suddagi tasvirlarda Karimovning peshona qismidagi sochlari alohida rangda ajralib, soch ekish amaliyotidan foydalanilganligini ko‘rish mumkin. Sudlanuvchining advokati Mansur Abduraimov haqiqatdan ham Sanjar Karimov soch ekish muolajasini olganini bildirdi.
“Qamoqxonada vaqti Sanjarning sochlari olib tashlangandi. Kalta qilib qirtishlangani bois uning peshonasidagi sochlar ajralib turgandi. Men undan soch ektirganmisan deb so‘raganimda, “Ha, bir yil oldin chet elda soch ektirgandim” deb javob bergandi. Men ishontirib aytaman, Sanjar qamoqda soch ektirmagan, buning imkoni ham yo‘q. Chunki u qamoqda soch dardida o‘tirgani yo‘q, uning yagona maqsadi adolat qaror topib, ozodlikka chiqish”, deya izoh berdi advokat.
Bu ma’lumotni Karimovning yana bir himoyachisi Oybek Ashurov ham tasdiqladi. Uning bildirishicha, Sanjar Karimov jazoni ijro etish muassasasida barcha mahkumlar kabi ichki tartib-qoidalarga rioya qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Karimovga oid apellyatsiya instansiya sud jarayonlari hozirda davom etmoqda. Navbatdagi sud majlisi 27 iyul kuni bo‘lib o‘tishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sanjar Karimovning bojasi – “Ravshan Zolotoy” nomi bilan tanilgan Ravshan Muhitdinovga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar tasdig‘ini topmagani uchun Interpol orqali xalqaro qidiruv to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi. Keyinroq, u ushbu xabar yuzasidan munosabat bildirib, “tarixiy vataniga yo‘l ochilganini” ma’lum qildi.
Live
Barchasi