“Tarixiy vatanimga yo‘l ochildi”. “Ravshan Zolotoy” Interpol qidiruvidan chiqarilganiga izoh berdi
Jamiyat
−
16 iyul 7953 3 daqiqa
Avvalroq, QALAMPIR.UZ “Ravshan Zolotoy” nomi bilan tanilgan Ravshan Muhitdinovga nisbatan Interpol orqali xalqaro qidiruv to‘xtatilgani haqida xabar bergandi. U ushbu xabar e’lon qilinganidan so‘ng vaziyatga munosabat bildirib, “tarixiy vataniga yo‘l ochilganini” ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Facebook’dagi sahifasida yozdi.
Qayd etish joiz, Ravshan Muhitdinov QALAMPIR.UZ’ning avvalroq uning Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgani, keyinroq esa qidiruvdan olib tashlangani haqidagi xabarlariga munosabat bildirmagan edi. Joriy yilning 14 iyul kuni Ichki ishlar vazirligining yarim yillik hisobot tadbirida QALAMPIR.UZ jurnalisti uning nega Interpolning “qizil bildirishnomasi”dan chiqarilganiga aniqlik kiritish uchun mas’ullarga savol bilan yuzlandi. Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari – Tergov boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Mirsodiqovning javobiga ko‘ra, “Ravshan Zolotoy”ga nisbatan aslida 2021 yilda qidiruv e’lon qilingan. Shundan so‘ng, tergov harakatlari davomida unga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar tasdig‘ini topmagan va shu munosabat bilan qidiruv-tergov harakatlari to‘xtatilgan. Aynan shu xabardan so‘ng Muhitdinovning o‘zi holatga munosabat bildirdi.
“Do‘stlar va menga g‘amxo‘rlik qilgan barcha vatandoshlarim. Bilganingizdek, yaqinda men Interpol tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan edim. Sizga shuni ma’lum qilmoqchimanki, 19 yillik surgundan so‘ng menga qarshi barcha ayblovlar bekor qilindi va tarixiy vatanimga yo‘l ochildi. Bundan buyon Allohning izni bilan men ham xalqimning sodiq o‘g‘li bo‘lib, vatanimizga, bayrog‘imizga va dinimizga xizmat qilishda davom etaman!” deb yozdi u.
Uning o‘z izohida “tarixiy vatan” tushunchasiga murojaat qilganiga e’tibor qaratish mumkin. Bundan anglashilishicha, Muhitdinov boshqa davlat fuqaroligiga ham ega bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, bu Ravshan Muhitdinovning qidiruvga berilib, so‘ng hammasi to‘xtatilishi bilan bog‘liq birinchi hodisa emas. U 2007 yilda (18 yoshida) Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari (jumladan, jinoiy uyushma tashkil etish) bilan ayblanib, qidiruvga berilgan. U 12 yil davomida O‘zbekistondan tashqarida (asosan Istanbul va Dubayda) istiqomat qilgan. 2019 yilda unga nisbatan e’lon qilingan qidiruv bekor qilindi va u O‘zbekistonga qaytib keldi. Xabarlarga ko‘ra, Muhitdinov nisbatan o‘sha vaqtda qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar qayta ko‘rib chiqilib, oqlangan.
Ravshan Muhitdinov taniqli tadbirkor va Xalqaro havaskor boks assotsiatsiyasining ( AIBA) sobiq prezidenti G‘ofur Rahimovning jiyani hisoblanadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Ravshan Muhitdinovning o‘z tog‘asi G‘ofur Rahimov bilan moliyaviy masalalarda kelishmovchiligi bo‘lgani va bu nizo hatto jismoniy tazyiqlargacha borib yetgani haqida videomurojaatlar tarqalgan.
Ba’zi OAV va ekspertlar uni MDH hududidagi ta’sir doirasiga ega shaxslar bilan yaqin aloqada deb hisoblashadi, biroq Muhitdinovning o‘zi bergan intervyularida bunday iddaolarni rad etib, shunchaki tadbirkor ekanini ta’kidlaydi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Ravshan Muhitdinovning bojasi – “Real Sanjik” taxallusi bilan tanilgan tadbirkor Sanjar Karimov Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi va 273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi. QALAMPIR.UZ’ga oid ma’lumotlarga ko‘ra, Sanjar Karimov Ravshan Muhitdinovning qaynotasi ham kuyovlariga ayblov e’lon qilingan davrda hibsga olingan. U Jinoyat kodeksining qaysi moddalari bilan ayblanayotgani ma’lum emas.
Live
Barchasi