Meksika qamoqxonasidagi tartibsizlik 10 kishining umriga zomin bo‘ldi

Olam

−

image

Meksikaning Sinaloa shtatidagi qamoqxonada yuz bergan tartibsizlik oqibatida 10 kishi halok bo‘ldi, yana 16 nafar mahbus jarohatlandi. Bu haqda “ABC News” xabar berdi.

Qayd etilishicha, voqea kecha, 8 oktyabr kuni ertalab Masatlan shahridagi “El Castillo” qamoqxonasida, mahbuslarning oila a’zolari bilan uchrashuvi vaqtida sodir bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning 9 nafari mahbus, biri esa mahbuslardan birining oila a’zosi bo‘lgan. Jarohatlangan 16 nafar mahbus tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga olib ketilgan.

Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, tartibsizlik vaqtida o‘qotar qurollardan foydalanilgan. Biroq rasmiylar halok bo‘lganlar qanday sharoitda vafot etganiga aniqlik kiritmagan.

Hodisadan so‘ng armiya, Milliy gvardiya, harbiy-dengiz kuchlari va shtat xavfsizlik xizmati vakillari qamoqxona hududiga kiritilgan. Federal xavfsizlik idoralarining ma’lumotiga ko‘ra, 1 800 nafar mahbus saqlanadigan muassasada vaziyat nazorat ostiga olingan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Meksika qamoqxonalarida mahbuslar sonining ko‘pligi, sud hukmi chiqarilmasdan uzoq muddat saqlash amaliyoti va xodimlar yetishmasligi korrupsiya hamda zo‘ravonlik holatlariga zamin yaratmoqda. Joriy yilning may oyida Sinaloa shtati poytaxti Kulyakan shahridagi qamoqxonada ham tartibsizlik yuz bergan. O‘shanda yetti mahbus halok bo‘lib, yana biri jarohatlangan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Meksikada jami 276 ta qamoqxona mavjud. Joriy yilning fevral holatiga ko‘ra, ularda 261 388 kishi saqlangan.

Sinaloa shtatida 2024 yil sentyabridan buyon “Sinaloa” narkokartelining ikki guruhi o‘rtasidagi ichki kurash sababli zo‘ravonlik kuchaygan. Mojaro narkobaron Xoakin “El Chapo” Gusmanning “Los Chapitos” nomi bilan tanilgan o‘g‘illari tarafdorlari va kartelning yana bir yetakchisi Ismael “El Mayo” Sambada tarafdorlari o‘rtasida kechmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Vladikavkaz – Adler” poyezdiga ulangan mahbuslar tashiladigan vagonda isyon ko‘tarilishi oqibatida Jazoni ijro etish federal xizmati xodimi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing