Sportzal, golf va yotoq: qamoqxonani koshonaga aylantirgan mulozimlar ishdan olindi

Olam

−

image

Indoneziyada mahbuslar uchun konditsioner, katta ekranli televizor va boshqa qulayliklarga ega hashamatli xonalar tashkil etilgani aniqlanib, qamoqxonaning besh nafar rahbar xodimi lavozimidan chetlatildi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Qayd etilishicha, holat Indoneziya poytaxti Jakarta yaqinidagi Bogor shahrida joylashgan “Cibinong” qamoqxonasida aniqlangan. Mamlakat Ombudsmani vakillari joriy yilning 23 sentyabr kuni o‘tkazilgan kutilmagan tekshiruv davomida oddiy kameralardan alohida joylashgan 10 dan ortiq turarjoyni topgan.

Ombudsman vakili Syafrida Rachmavati Rasaxanning aytishicha, ayrim mahbuslar boshqa mahbuslarda mavjud bo‘lmagan maxsus sharoitlardan foydalangan. Tekshiruv vaqtida turarjoy majmuasida mahbuslar bo‘lgani, xonalarda divanlar va ovqatlanish joylari tashkil etilgani aniqlangan. Shuningdek, majmuada sport zali va golf simulyatori qurilayotgani ma’lum bo‘lgan.

Indoneziya Immigratsiya va jazoni ijro etish vazirligi bosh inspektori Rudi Setiavanning bildirishicha, holat yuzasidan o‘nlab mahbuslar va qamoqxona xodimlari so‘roq qilingan. Tekshiruv doirasida besh nafar rahbar, jumladan, “Cibinong” qamoqxonasi boshlig‘i ham lavozimidan chetlatilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 4 gektar maydonni egallagan qamoqxonada korrupsiya va boshqa shov-shuvli jinoyatlar uchun hukm qilingan shaxslar ham saqlanadi. Hashamatli xonalardan aynan qaysi mahbuslar foydalangani hozircha rasman oshkor etilmagan.

Tekshiruvchilar mazkur binolar dastlab qamoqxona xodimlari uchun xizmat turar joyi sifatida mo‘ljallanganini bildirgan. Hozirda ular mahbuslar uchun ruxsatsiz turarjoyga aylantirilganmi yoki yo‘qmi, shuningdek, imtiyozlar evaziga qamoqxona xodimlariga pul berilganmi, degan masalalar o‘rganilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Texas shtatidagi qamoqxonalarda jazirama issiq sababli yuzaga kelayotgan og‘ir sharoitlar ortidan federal sudya barcha qamoqxonalarga 2029 yil oxirigacha konditsioner o‘rnatishni buyurgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing