Sank-Peterburgda terakt uyushtirgan ayolning eri O‘zbekistondami?
Jamiyat
−
05 aprel 2023
15069Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi kafesida sodir etilgan terakt va harbiy bloger Vladlen Tatarskiyning o‘limida ayblanib, hibsga olingan Darya Trepovaning turmush o‘rtog‘i Dmitriy Rilov O‘zbekiston davlat chegarasini kesib o‘tmagan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ma’lum qildi.
“Dmitriy Rilov O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasini kesib o‘tmagan va shunga ko‘ra, bizning mamlakatimizda bo‘lishi mumkin emas”, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
Gap shundaki, Trepova hibsga olinib, uning uyi tintuv qilinganida, u O‘zbekistonga ketish uchun chipta olgani aniqlangan. Aniqrog‘i, Trepova Buxoroga uchib ketmoqchi bo‘lgan. Bu ma’lumot esa safarbarlikdan qochib, Rossiyani tark etgan Trepovaning turmush o‘rtog‘i O‘zbekistonda bo‘lishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarni keltirib chiqargan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bu mish-mishlarni rad etgan holda Rossiya tomonidan Dmitriy Rilovni hibsga olish to‘g‘risida hech qanday so‘rov olmaganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning 2 aprelida Sankt-Peterburg markazidagi kafeda portlash sodir bo‘lgan. Portlash oqibatida urush blogeri Tatarskiy (Maksim Fomin) vafot etgan, 40 kishi turli og‘irlikdagi jarohat olgan edi. Portlashga Trepova tomonidan Tatarskiyga berilgan portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan haykalcha sabab bo‘lgan edi. Shundan so‘ng Darya Trepov qo‘lga olingandi.