Samarqandda temir yo‘l dambasini suv yuvib ketganiga izoh berildi

Jamiyat

image

Avvalroq, Samarqand viloyatining Tayloq tumanida temir yo‘l o‘tgan dambani daryo suvi yuvib ketgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasining tog‘li hududlarida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchiliklar natijasida Zarafshon daryosida suv oqimi keskin kuchaygan. Buning oqibatida daryo qirg‘oqlarni yuvib ketib, ayrim hududlarda o‘zan yo‘nalishi o‘zgargan.

“Hodisaga Zarafshon daryosida suv sarfining me’yoriy 80–100 m³/s o‘rniga keskin oshib, 300 m³/s gacha yetgani sabab bo‘ldi. Natijada daryo o‘zani temir yo‘lga yaqin hududlarda 30–40 metrgacha kengayib, o‘zanga yaqin joylashgan temir yo‘lning ma’lum qismiga zarar yetdi. Mazkur gidrologik holat so‘nggi 20 yil davomida kuzatilmagan”, deyiladi munosabatda.

Bildirilishicha, ayni paytda harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida daryo qirg‘oqlarini xarsang toshlar bilan mustahkamlash ishlari olib borilmoqda. Ishlarga 15 ta maxsus texnika jalb etilgan. 30 ta dumpkar vagon orqali xarsang toshlar yetkazib berilgan. Shuningdek, zarur qurilish materiallari yuklangan yana 130 ta dumpkar vagon hududga yo‘naltirilgan.

“Hozirda temir yo‘l qatnovini imkon qadar qisqa muddatda to‘liq tiklash hamda poyezdlar harakatining uzluksizligini ta’minlash bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, ushbu temir yo‘l liniyasi 2025 yilning yakunida foydalanishga topshirilgan edi. Liniyaning umumiy uzunligi 55 kilometrni tashkil etadi. Loyiha doirasida ikkita vokzal, “Urgut” iqtisodiy zonasida ikkita yuk stansiyasi hamda bir qator ko‘priklar barpo etilgan.

Poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi orqali yiliga 359 ming yo‘lovchi va 8,2 million tonna yuk tashish imkoni yaratilishi aytilgan edi. Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” loyiha taqdimotida Zarafshon daryosi qirg‘og‘idan o‘tgan temir yo‘l izlarini suv oqimidan himoyalovchi damba qurilgani haqida ma’lumot bergan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing