“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi faol bosqichga o‘tdi

Olam

image

“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi loyihasi faol bosqichga o‘tdi. Bu haqda Qirg‘iziston Transport va kommunikatsiyalar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 10 iyul kuni Qirg‘iziston Transport va kommunikatsiyalar vazirligida Xitoy Davlat temir yo‘l korporatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Tomonlar loyihaning borishi va temir yo‘l qurilishining keyingi bosqichlarini muhokama qilgan. Uchrashuvda Qirg‘iziston Transport va kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Almaz Turg‘unboyev va Xitoy Davlat temir yo‘l korporatsiyasi boshqaruv a’zosi Van Szinsi ishtirok etgan.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, loyiha bo‘yicha asosiy xalqaro va investitsiyaviy bitimlar allaqachon imzolab bo‘lingan. Shuningdek, bosh pudratchi aniqlanib, moliyalashtirish masalalari hal etilgan. Ayni paytda tonnellar, ko‘priklar va boshqa infratuzilma ob’ektlari qurilishi olib borilmoqda.

Qirg‘iziston tomoni qurilishga mahalliy mutaxassislarni jalb qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning materiallaridan foydalanish va ekologik talablarga rioya etish zarurligini bildirgan. Uchrashuvda ikki davlat vakillari loyihani amalga oshirishda shaffoflik muhimligini ta’kidlagan va qurilishni belgilangan muddatda yakunlash uchun birgalikdagi ishlarni davom ettirishga kelishib olgan.

Vazirlik yangi temir yo‘l Qirg‘izistonning transport imkoniyatlarini kengaytirishi, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashi va mamlakatning tranzit salohiyatini oshirishini eslatib o‘tgan.

Ma’lumot uchun, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li mintaqadagi eng yirik infratuzilma loyihalaridan biri hisoblanadi. Yo‘lning umumiy uzunligi qariyb 480 kilometrni tashkil etadi, shundan 304 kilometrdan ortig‘i Qirg‘iziston hududidan o‘tadi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li 2030 yilda ishga tushishi kutilayotganini aytgan edi. Shuningdek, Bishkek “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasida Qirg‘izistonning ulushini moliyalashtirish uchun Xitoydan 304,5 million dollar imtiyozli kredit olishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing