Tezyurar poyezd temir yo‘lda ishlayotgan 4 ishchini urib ketdi (video)
Olam
−
18:23 6335 1 daqiqa
Yaponiyaning Tochigi prefekturasida tezyurar poyezd temir yo‘lda ishlayotgan 4 nafar ishchini urib ketdi. Ularning barchasi halok bo‘lgan. Bu haqda “The Japan Times” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa bugun, 20 avgust kuni soat 10:45 atrofida Tochigi prefekturasining Kanuma shahridagi Tobu Nikko liniyasiga qarashli Sin-Kanuma stansiyasida sodir bo‘lgan. Tobu Railway ma’lumotiga ko‘ra, hodisa vaqtida 7 nafar ishchi temir yo‘l izlarida begona o‘tlarni tozalash ishlarini olib borgan. Shu paytda Tobu Nikko stansiyasidan Tokio shahridagi Tobu Asakusa stansiyasi tomon harakatlanayotgan Spacia X2 tezyurar poyezdi ishchilarni urib ketgan.
Ularning uch nafari temir yo‘l izlaridan, yana biri esa poyezd platformasidan topilgan. 50–60 yoshlardagi to‘rt nafar erkak shifoxonaga olib ketilgan va ularning barchasi vafot etgani tasdiqlangan. Poyezdda taxminan 50 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ular orasida jabrlanganlar qayd etilmagan.
Hodisadan so‘ng Sin-Tochigi va Simo-Imayiti stansiyalari o‘rtasida poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatilgan. Transport qatnovi soat 15:22 da qayta tiklangan. Hozirda politsiya hodisa sabablarini aniqlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Polshaning g‘arbiy qismida ichida 200 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan ikki yo‘lovchi poyezdi to‘qnashib ketgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi