Samarqandda ota va uning ikki o‘g‘li yuk mashinalarini yoqib yubordi
3-sahifa
−
30 noyabr 24702 2 daqiqa
Samarqand viloyatining Toyloq tumanida ota va uning ikki o‘g‘li yuk mashinalariga benzin sepib, ularni yoqib yubordi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 28 noyabr kuni Toyloq tumani Beklar mahallasi hududida yashovchi 40 yoshli fuqaro K.A. qo‘shni mahallada istiqomat qiluvchi, o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan 35 yoshli G‘.R. va 34 yoshli N.R. bilan o‘rtalarida yuzaga kelgan o‘zaro kelishmovchilik tufayli janjallashgan. Mazkur janjaldan so‘ng soat 21:50 da K.A. o‘zining 20 va 18 yoshli farzandlari bilan G‘.R va N.R. boshqaruvida bo‘lgan yuk avtomashinalariga benzin sepib, yoqib yuborgan.
IIBga ko‘ra, yong‘in zudlik bilan bartaraf etilib, boshqa transport vositalari va ulardagi yuklarga zarar yetkazilishining oldi olingan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yong‘in videosida gumonlanuvchining o‘g‘illari Damas’dan tushib, dastlab ikkita Kamaz’ni, so‘ngra yana bitta furani yoqib yuborgani aks etgan. Yigitlardan biri benzin sepgan, ikkinchisi esa o‘t qo‘ygan.
Mazkur holat yuzasidan 29 noyabr kuni Toyloq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 173-moddasi (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) ikkinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxslarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Andijon tumani, Zangibobo mahallasida kuyov qaynotasining uyiga borib, uning avtomobilini yoqib ketgandi.
Live
Barchasi