Samarqandda nimalar bo‘lyapti?
Jamiyat
−
10 iyul 2019
23603Xabaringiz bor, shu kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish jarayoni kechmoqda. Bu yil Davlat test markazi tomonidan hujjatlarni qabul qilish jarayoniga ko‘pgina o‘zgartirishlar kiritilgan.
Shu sababdan ayrim OTMlarga hujjat topshirish jarayonida abituriyentlarning uzundan-uzun navbatlari yuzaga kelgan. Bunday holatning kelib chiqishiga DTMning hujjat qabul qilishdagi onlayn tizimida kelib chiqqan nosozliklar sabab bo‘lmoqda. Huddi shunday holat Samarqand davlat universitetida ham kuzatildi.
“Zamon” axborot-tahliliy dasturida ma’lum qilinishicha, SamDUga hujjat topshirish uchun abituriyentlarning ayrimlari tonggi soat 07:00 atrofida kelgan bo‘lsada kun yarmidan o‘tganda ham o‘z navbatini kutishda davom etmoqda.
Abituriyentlarning ta’kidlashicha, ular bir necha kun avval ham kelgan ammo navbat yetmay qaytib ketishga majbur bo‘lgan. Tongda kelgan bo‘lishiga qaramay, hatto, darvozadan ham kiritilmayapti. Ichki ishlar xodimlari hujjat topshirish uchun kelganlar orasida tartibni saqlash bilan ovvora bo‘lmoqda.
Hujjat qabul qilish muddati yakuni yaqinlashib qolgani sabab hozirda hujjat topshirmoqchi bo‘layotganlar soni har kuni bir necha mingga ortib bormoqda. Ayni paytda O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal issiq tufayli abituriyentlarning ayrimlarida holdan toyib, hushdan ketish holatlari ham uchrab turibdi. Tibbiyot xodimlari ularga birinchi yordam ko‘rsatmoqda.
SamDU qabul komissiyasi a’zosining ma’lum qilishicha, onlayn tizim yarim soat ishlab, keyin ikki soatlab ishlamay qoladi.
“Tizimga abituriyentlar pasport ma’lumotlarini kiritilgach, unga maxsus kvitansiya chiqarib beradi. Bu har bir abituriyent uchun shaxsiy hisob raqam hisoblanadi. Abituriyentlar ushbu hisob raqami bo‘yicha to‘lovni amalga oshiradi. Lekin ayni kunlarda tizim yaxshi ishlamayapti. Yarim soat ishlaymiz, keyin bir soat, ikki soat davomida tizimda uzilish ro‘y beradi. Dasturdagi muammolar abituriyentlarning to‘planib qolishlariga sabab bo‘lmoqda”, deydi Asliddin Nuriddinov.
Holatni bartaraf etish uchun qanday choralar ko‘rish kerak? Bu savol bilan SamDU rektori Rustam Xolmurodovga murojaat qilinganda, u shunday javob berdi.
“Bu yildan e’tiboran SamDUda ham hujjatlar Davlat xizmatlari agentligida qabul qilinmoqda. Ammo, bu tizim ish-faoliyatining birinchi yili bo‘lgani sabab texnik nosozliklar yuzaga kelib, yetarlicha abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkaza olmayapti.
Biz muammoni hal etish uchun kompyuterlar sonini yana ko‘paytirdik, lekin texnikani ko‘paytirgan bilan bularning barchasi bir chiziqdan o‘tadi. Muammoni bu bilan hal etib bo‘lmaydi. Xodimlar sonini ko‘paytiramiz, ertadan boshlab yana qo‘shimcha ikkita bino qabul jarayoniga jalb etiladi.
Xabaringiz bor, bu yil hujjatlarning 80 foizi joylarning o‘zida qabul qilinishi kerak edi, agarda tizim me’yorida ishlaganda”, deb javob berdi rektor Rustam Xolmurodov.
LiveBarchasi