Qariyb 13 ming abituriyent testdan ozod qilindi
Jamiyat
−
10 iyul 5960 2 daqiqa
2026-2027 o‘quv yilida barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 ming 997 nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilinib, bevosita oliy ta’lim muassasalariga qabul tanlovining keyingi bosqichiga o‘tkazildi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan keskin oshgan. Xususan, 2025-2026 o‘quv yilida bunday imkoniyatdan atigi 678 nafar abituriyent foydalangan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni qariyb 19 barobarga ko‘paygan.
Qayd etilishicha, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida abituriyentlar tomonidan yuklangan 24 ming 526 ta xalqaro sertifikat tasdiqlangan. Shuningdek, umumta’lim fanlari bo‘yicha 193 ming 186 nafar, chet tillari bo‘yicha esa 125 ming 354 nafar milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
Joriy yil uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish istagini bildirgan 677 ming 907 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning 664 ming 609 nafari test sinovlarida ishtirok etadi. Barcha fanlardan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 ming 997 nafar abituriyent esa test topshirmasdan tanlovda ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026–2027-o‘quv yili uchun O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga kirish istagini bildirgan 677 ming 907 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgani, bu esa so‘nggi yetti yildagi eng past ko‘rsatkich bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi