B1 sertifikat egalariga imtihonda 75% ball beriladi

Jamiyat

image

Chet tili fani mavjud bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirishda xorijiy til bo‘yicha B1 sertifikati uchun 75 foiz ball beriladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Xorijiy tillar va umumta’lim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar ro‘yxatiga o‘zgartirish
va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.

Mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, endilikda ingliz tilidan beriladigan TOEFL iBT sertifikatining muvofiqlik darajasi 1-6 ballik tizim bo‘yicha belgilanadi. 

Bakalavriatning fanlar majmuasida chet tili fani mavjud bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlariga esa qabulda B1 darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega abituriyentlarga ushbu fandan belgilangan maksimal ballning 75 foizi miqdorida ball beriladi. Oldin faqat B2 va undan yuqori sertifikatlarga 100% ball berilardi, endi B1 egalari ham imtihon topshirmasdan tayyor 75% ball olishlari mumkin.

Shu bilan birga:

  • pedagog xodimlarga ustama to‘lashda ingliz tilidan beriladigan TKT, TESOL, TEFL va TESL sertifikatlarining amal qilish muddati hisobga olinadi;
  • kasbiy ta’lim tashkilotlarining pedagoglari xorijiy tilda maxsus fanlarni o‘qitganligi uchun ularning lavozim maoshiga nisbatan milliy va xalqaro tan olingan B2 sertifikati uchun 50 foiz, C1 sertifikati uchun 100 foiz miqdorda har oylik ustamalar beriladi;
  • o‘qituvchilariga Digital SAT sertifikatining matematika bo‘limidan 750 va undan yuqori ball olgan taqdirda ustama belgilanadi;
  • umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi musiqa madaniyati va jismoniy tarbiya fanlari o‘qituvchilariga B+ va undan yuqori darajadagi sertifikatlar uchun ustama beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Prezident farmoni asosida, endi O‘zbekistonda ta’limni xorijiy tilda yakunlagan talabalardan keyingi bosqichda xorijiy til sertifikati talab qilinmasligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

abiturient sertifikat B1

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing