Har uch abituriyentdan biri 56,7 ballni ham to‘play olmadi
Jamiyat
−
12:55 549 2 daqiqa
Joriy yilgi qabul jarayonlarida oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan abituriyentlarning 37,5 foizi test sinovlarida belgilangan eng kam ballni to‘play olmadi. Bu haqda Oliy ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov bugun, 18 avgust kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Vazirlik vakili jurnalistlar bilan muloqotda test sinovlarida past natija qayd etayotgan abituriyentlar ulushi so‘nggi yillarda izchil kamayib borayotganini ta’kidlagan.
Ma’lum qilinishicha, joriy imtihonlarda 233 935 nafar abituriyent 56,7 balldan past natija qayd etgan. Bu umumiy abituriyentlar sonining 37,54 foizini tashkil etadi. Taqqoslash uchun, mazkur ko‘rsatkich 2025 yilda 41 foiz, 2024 yilda 43 foiz, 2023 yilda esa 46 foiz bo‘lgan. Shu tariqa, so‘nggi yillarda eng kam ballni to‘play olmagan abituriyentlar ulushi pasayib bormoqda.
Shuningdek, ushbu yilda davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinganlar orasida o‘rtacha natija 134,6 ball, to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun esa 93,7 ballni tashkil qilgan.
Joriy o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun 677,9 ming nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan 389,1 ming nafari 56,7 balldan yuqori natija qayd etib, keyingi bosqichda tanlovda qatnashish huquqiga ega bo‘lgan.
Ikkinchi bosqichda abituriyentlarga o‘z natijalaridan kelib chiqib, oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishi hamda ta’lim shaklini tanlash imkoniyati berilgan. Yakunda 357,6 ming nafar abituriyent o‘z tanlovini amalga oshirgan.
Yakuniy tanlov natijalariga ko‘ra, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 209,1 ming nafar abituriyent talaba bo‘lish uchun tavsiya etilgan. Ularning 52,8 ming nafari davlat granti, 156,3 ming nafari esa to‘lov-kontrakt asosida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
Bundan tashqari, belgilangan imtiyozlar asosida alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida yana 20,5 ming nafar abituriyent talaba sifatida qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026/2027 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining 1-bosqichiga o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza topshirish boshlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi