OTMga hujjat topshirganlar soni so‘nggi 7 yildagi eng past darajaga tushdi
Jamiyat
−
10 iyul 5635 2 daqiqa
2026-2027 o‘quv yili uchun O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga kirish istagini bildirgan 677 ming 907 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tdi va bu so‘nggi yetti yildagi eng past ko‘rsatkich sifatida qayd etildi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarning 451 ming 744 nafari (66,6 foiz) joriy yil bitiruvchilari, 226 ming 163 nafari (33,4 foiz) esa avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tamomlagan fuqarolarni tashkil etadi.
Shuningdek, abituriyentlarning 365 ming 196 nafari (53,9 foiz) ayollar, 312 ming 711 nafari (46,1 foiz) esa erkaklardir.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda 664 ming 609 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etadi. Ulardan 36 ming 500 nafari alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlariga, 10 ming 581 nafari esa oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagini bildirgan.
Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida abituriyentlar tomonidan taqdim etilgan xalqaro sertifikatlarning 24 ming 526 tasi tasdiqlangan. Bundan tashqari, umumta’lim fanlari bo‘yicha 193 ming 186 nafar, chet tillari bo‘yicha esa 125 ming 354 nafar milliy yoki xalqaro sertifikatga ega abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
So‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tganlar soni quyidagicha bo‘lgan:
2026 yil – 677 ming 907 nafar;
2025 yil – 671 ming 397 nafar;
2024 yil – 894 ming 279 nafar;
2023 yil – 1 million 18 ming 7 nafar;
2022 yil – 1 million 214 ming 232 nafar;
2021 yil – 948 ming 211 nafar;
2020 yil – 1 million 484 ming 85 nafar;
2019 yil – 1 million 66 ming 925 nafar.
Shu tariqa, joriy yilda abituriyentlar soni 2020 yilgi ko‘rsatkichga nisbatan qariyb ikki barobarga kamaygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026–2027 o‘quv yilida oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarga “Abituriyent ruxsatnomasi”ni berish boshlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust