Samarqandda ko‘p qavatli uylar qurilishida jiddiy kamchiliklar aniqlandi
3-sahifa
−
12 aprel
8996Samarqand viloyatining Samarqand shahridagi Qorasuv massivida ko‘p qavatli uylar qurilishida bir qator qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Bu haqda viloyat Qurilish va uy-joy kommunal nazorat inspeksiyasi xabar berdi.
Jumladan, “Sam House Stroy” MCHJ tomonidan ko‘p qavatli uylar qurilishida to‘ldiruvchi devorlarga terilgan gazobloklar tasdiqlangan ishchi loyihadan chetlashgan holda binoning asosiy yuk ko‘taruvchi qismidan tashqariga chiqqan holda bajarilgan. Shuningdek, ushbu gazobloklarni ushlab turuvchi ayrim metall o‘zaklarni temir beton monolitlarga qotirish ishlari ham loyihadan chetlashgan holda sifatsiz amalga oshirilgan.
Ushbu kamchiliklar yuzasidan inspeksiya tomonidan oldin ham ko‘rsatmalar berilgan, biroq qurilish tashkiloti o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlarini davom ettirmoqda.
“Binoning asosiy, yuk ko‘taruvchi devorlaridan gazobloklarni chiqarib terish holatlari bartaraf etilmagan. Ob’ektni qurilish chiqindilaridan tozalash, texnika xavfsizligi bo‘yicha maxsus ogohlantiruvchi lentalar tortilishi va boshqa ko‘rinishdagi ogohlantirishlar berib kelinganiga qaramasdan, xato va kamchiliklar to‘g‘irlanmagan”, deydi inspeksiya xodimi.
Bundan tashqari, qurilish materiallarini saqlash tartibi buzilgan. Olib kelingan metall armaturalar zanglay boshlagan va ulardan qurilish ishlarida keng foydalanib kelinmoqda.
Shu bilan birga, binoning temir beton ishlarini amalga oshirish jarayonida mayda mexanizmlar ishlatilmagan. Oqibatda g‘ovaklar yuzaga kelgan. Ob’ektda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmagan. Hudud qurilish va maishiy chiqindilarga to‘lib ketgan. Ob’ektda yuritilishi majburiy bo‘lgan ijro hujjatlari o‘z vaqtida to‘liq yuritilmagan. Inspeksiya tomonidan bir necha marta kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha berilgan ko‘rsatmalar va qurilishni to‘xtatish bo‘yicha ogohlantirishlarga qaramasdan qurilish tashkiloti tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlari davom ettirib kelingan.
Ikkinchi bir ana shunday kamchiliklar xuddi shu massivda “Kapital qurilish direksiyasi” MCHJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda aniqlangan. Xususan, xonalar ichini bo‘lib turuvchi devorlar yuqori qismga mahkamlanmagan. Qurilish maydoni chiqindilardan tozalanmagan. Binoning ochiq balkon qismlarida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmagan.
Yuqorida aniqlangan holatlar yuzasidan korxonalarning mas’ullariga kamchilik va xatolarni tezda bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 mart kuni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaganlik uchun javobgarlikni belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga asosan, o‘lchami 500 kvadrat metr va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonida, unga tutash bo‘lgan hududda hamda undan chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etishga doir majburiy talablarni buzish yoxud ushbu hududlarda ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan doiradagi normativlardan ortiq darajada atmosfera havosiga chiqarilishiga yo‘l qo‘yish mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravari (3 million 750 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin 1 yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslarga BHMning 50 baravari (18 million 750 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.