Samarqandda avtobus va tramvay uchun yo‘lkira narxi oshdi
Jamiyat
−
16 aprel 11634 2 daqiqa
Kecha, 15 aprel kunidan boshlab Samarqand shahar jamoat transportida yo‘lkira narxlari o‘zgardi. Bu haqda Samarqand viloyat Transport boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘zgarishlar viloyat hokimi qaroriga ko‘ra, elektron to‘lov tizimidan foydalanuvchi yo‘lovchilar qamrovini va tabaqalashgan tariflarni joriy etish va aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida joriy etilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, yo‘lovchilar shahar hududida avtobus, elektrobus va tramvaylarda qatnovni amalga oshirish uchun naqd pul orqali amalga oshirilganda, 3 ming so‘mni, bank plastik va yagona transport kartalari (ATTO) orqali amalga oshirilganida esa 2 ming so‘m qilib belgilangan.
“Qarorga asosan aholi, pensioner va nogironlar, talaba va o‘quvchilar hamda jamoat transportidan bepul foydalanish huquqiga ega shaxslar uchun alohida tariflar belgilandi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, shu kunga qadar Samarqandda jamoat transportlarida naqd pul yoki bank kartasi orqali 2000 so‘m to‘lanar edi. Transport kartasida yo‘l haqi to‘lash esa 1600 so‘m edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 1 yanvar kunidan boshlab Toshkent shahrida harakatlanayotgan avtobuslarda naqd pul qabul qilish amaliyoti to‘xtatilgan edi. Ayni shu sanadan boshlab poytaxt jamoat transporti yo‘nalishlarida (avtobus va metropoliten) bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tarif – 3 000 (uch ming) so‘m etib belgilandi. Bunda to‘lov elektron to‘lov tizimi (transport yoki bank kartasi) orqali amalga oshirilganda o‘zgarishsiz qolgan – 1 700 so‘m. Barcha avtobuslar salonida yo‘lkira haqini naqd pulda olish amaliyotidan voz kechilgan.
Live
Barchasi