Samarqandda karantin qoidalari yumshatilmaydi
Jamiyat
−
06 may 2020
11247Samarqand viloyati epidemiologik jihatdan “qizil” (yuqori xavfli) hududga kirgani uchun, hozircha karantin qoidalari yumshatilmaydi. Bu haqda bugun, 6 may kuni viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Kecha, 5 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda mamlakatimizdagi epidemiologik holatdan kelib chiqib, karantin qoidalari bosqichma-bosqich yumshatilishi aytildi. Selektor davomida tumanlar va shaharlarni “qizil” (yuqori xavfli), “sariq” (o‘rta xavfli) va “yashil” (xavfsiz) hududlarga ajratilishi ko‘zda tutilgandi.
“Ayni paytda Samarqand viloyati epidemiologik jihatdan “qizil” (yuqori xavfli) hududga kirishi e’tiborga olinib, hozircha karantin qoidalari yumshatilmaydi. Bu haqda viloyat komissiyasining ayni vaqtlarda o‘tkazilayotgan yig‘ilishida ma’lum qilindi“ deyiladi xabarda.
Shuningdek, viloyat hokimligi fuqarolardan karantin qoidalariga qat’iy amal qilishi so‘ragan. Avvalroq, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov samarqandliklarga jiddiy murojaat bilan chiqqan edi.
Eslatib o‘tamiz, Respublikada koronavirus bilan bog‘liq 2207 ta holat qayd etilgan. Kasallanganlarning 1501 nafari sog‘aygan bo‘lsa, 10 nafari vafot etgan. Hozirda 696 nafar bemor davolanmoqda.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi