Samarqandda karantin cheklovlari kuchaytirilgan holda saqlab qolindi

Jamiyat

image

O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 14 maydagi qarori bilan mamlakatda karantin choralari 1 iyunga qadar uzaytirilgandi. Shunga qaramay, iqtisodiyotning qator segmentlaridagi tadbirkorlarga faoliyatini tiklashga ruxsat berila boshlandi

Samarqand shahrida epidemiologik vaziyat keskinligicha qolayotgani sababli bugun 18 may kunidan boshlab Samarqand shahri hududida karantin cheklovlari yanada kuchaytirildi. Bu haqda viloyat IIV xabar berdi.

“Hurmatli samarqandliklar zaruratsiz uydan chiqmang!

Ehtiyojlar uchun bozor, do‘kon yoki dorixonalarga chiqqaningizda 2 metrlik ijtimoiy masofani saqlang!

O‘zingizda kasallik belgilarini sezsangiz zudlik bilan tibbiyot xodimlariga murojaat qiling! Karantinning barcha cheklovlariga qat’iy rioya qiling!

Ko‘chada bemaqsad yurgan fuqarolar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar. O‘zingiz va o‘zgalar salomatligiga befarq bo‘lmang!”, deyiladi IIB xabarida.

Qayd etilishicha, respublikada “qizil” toifaga kirgan hududlarda fuqarolarga soat 7:00 dan 10:00 gacha hamda 17:00 dan 20:00 gacha shaxsiy avtomobilida harakatlanish imkoniyati Samarqand shahri uchun tatbiq etilmaydi.

“Viloyatdagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda viloyat maxsus komissiyasiga mustaqil qaror qabul qilish vakolat berilgan. Shu sababli Samarqand shahrida epidemiologik vaziyat yumshamaganligidan kelib chiqib, qat’iy karantin cheklovlari davom etadi. Respublika maxsus komissiyasining qarorida belgilangan talablar Samarqand shahri uchun tatbiq etilmaydi”, deyilgan bayonotda qo‘shimcha ravishda.

Samarqand shahrida dorixona, oziq-ovqat do‘koni va dehqon bozorlari faoliyatiga ruxsat berilgan. Boshqa muassasalar faoliyati taqiqlangan. Fuqarolardan zaruratsiz uydan chiqmaslik so‘ralyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Samarqand karantin

Baholaganlar

203

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing