Samarqandda davlatning 2 gektar yerini pullashga uringan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
27 mart
3114Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida davlat zaxirasidagi 2 gektar yer maydonini 100 mln so‘mga sotishga uringan shaxs qo‘lga tushdi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Qo‘shrabot tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.I. fuqaro U.T. ning ishonchiga kirib, “Ota” MFY hududidagi davlat zaxirasidagi 2 gektar yer maydonini guyoki o‘ziga tegishli ekanini aytib, yer maydonini 100 mln so‘mga sotishga kelishgan. U hujjatlarni keyinchalik rasmiylashtirib berishini va’da qilib, 100 mln so‘m pulni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, departamentning Buxoro shahri bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Sh.A. fuqaro J.R. ga Vobkent tumani “Latif Sobungar” MFY hududidagi 6 nafar fuqaroga dehqon xo‘jaligi yuritishi uchun ajratilgan 60 sotix yer maydonini go‘yoki o‘zi rahbarlik qilayotgan “Sh.O‘.” fermer xo‘jaligiga tegishli ekanini aytib, ushbu yer maydonini go‘yoki kadastr bo‘limida ishlovchi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishi evaziga 90 mln so‘m pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bildirilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatining Karmana tumanida hokimlik zaxirasida bo‘lgan 1 gektar bo‘sh yer maydonini 2 mlrd so‘mga pullayotgan shaxs qo‘lga tushgan edi.
LiveBarchasi