Samarqand va Toshkentda katta miqdordagi oltin va yoqut sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi (video)
Jamiyat
−
11 iyun 2023
13585Samarqand viloyati hamda Toshkent shahrida 1 kilogramm 75 gramm oltin va 838 gramm yoqut toshini noqonuniy ravishda sotmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Keltirilishicha, Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida Toshkent tomon harakatlanayotgan 1983 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Nexia to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Natijada uning salon qismida umumiy og‘irligi 1 kilogramm 75 gramm bo‘lgan 11 dona oltin bo‘lagi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Mutaxassislarning baholashicha, ushbu 999 probali oltinning qiymati 795 million so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, Toshkent shahrida 1968 yilda tug‘ilgan shaxs sof og‘irligi 838 gramm bo‘lgan yoqutni 300 ming AQSH dollariga sotishga kelishgan. Kelishilgan summadan 80 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, u mazkur qimmatbaho toshni 1960 yilda tug‘ilgan fuqarodan olgani aniqlanib, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida u ham ushlangan.
Yoqutning umumiy qiymati 477 million 256 ming so‘mni tashkil etishi ma’lum qilingan.
Ta’kidlanishicha, har ikki fuqaro ham muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan.
Hozirda ikkala holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (Valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani aytilmoqda.
LiveBarchasi