Samarqand hokimi ogohlantirildi (video)

Jamiyat

image

Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev pedagoglarni ko‘cha nazoratchisi bo‘lishga undovchi topshirig‘i ortidan ogohlantirish oldi. Davlat mehnat inspeksiyasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Avvalroq, Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyevning viloyat oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilarini ko‘chalarni nazorat qilishi va ularning obodligiga mas’ul bo‘lishi haqidagi topshirig‘i yangragan edi. Hokimning bu “vatan obodligi” tashabbusida bergan topshirig‘i OTM rektorlari bilan uchrashuvda berilgandi.

Viloyat hokimligining uchrashuvdan e’lon qilgan videosi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Mehnat inspeksiyasining bildirishicha, amaldagi qonunchilikda pedagog xodimlarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga majburiy tarzda jalb etish taqiqlangan. Agar mazkur tashabbus amaliyotga joriy etilib, pedagoglar faoliyatiga daxldor bo‘lmagan ishlarga jalb etilsa, majburiy mehnat holatlarining yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

“Shu munosabat bilan Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyevga pedagoglarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etish qonunchilikka zid ekani hamda bunday holatlar uchun javobgarlik belgilanganligi yuzasidan ogohlantirish yuborildi” deyiladi inspeksiya munosabatida.

Mehnat inspeksiyasining ta’kidlashicha, har qanday tashabbusni amalga oshirishda amaldagi qonunchilik talablariga rioya etish, pedagoglarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlash zarur.

Pedagoglarning bu xususdagi huquqi qanchalik himoyalangan?

O‘zbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish va ularni o‘z vazifalariga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etish taqiqlanadi.

Ushbu qonunga muvofiq, pedagoglarni quyidagi ishlarga jalb etishga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • obodonlashtirish, qishloq xo‘jaligi ishlari hamda kasbiy faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan boshqa ishlarga;
  • ta’lim bilan qamrab olinmagan yoki profilaktik hisobda turgan voyaga yetmaganlar bo‘yicha hisob yuritish va shu kabi vazifalarga.


Saylovlar, test sinovlari, aholini ro‘yxatga olish va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega tadbirlarga pedagoglar faqat pedagoglarning o‘z roziligi bilan, tegishli shartnoma asosida, qo‘shimcha haq to‘langan yoki o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda jalb etilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 51-moddasiga muvofiq, pedagoglarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etish, ularni mehnatga ma’muriy tarzda majburlash yoki kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Mazkur huquqbuzarlikni sodir etgan mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravarigacha miqdorda ma’muriy jarima qo‘llanilladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing