Samandar Qo‘qonov: Mutlaqo aybsizman!
Jamiyat
−
11 iyul 2019
9284Islom Karimov davrida 24 yil hibsda saqlangan Samandar Qo‘qonov O‘zbekiston eng uzoq qamoqda o‘tirgan mahbus sanaladi. U O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 1994 yil 23 avgust hukmiga ko‘ra, 1959 yil tahriridagi Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 20 yil ozodlikdan mahrum etilgan.
Qo‘qonov O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga oqlashni so‘rab kassatsiya tartibida shikoyat keltirgani, 2019 yil 10 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining ajrimi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 1994 yil 23 avgustdagi hukmi o‘zgartirilgani haqida xabar bergan edik.
Ushbu ajrimga ko‘ra, Samandar Qo‘qonovning ayblovidan bir necha moddalar chiqarilgan, boshqa moddalar bilan tayinlangan jazolar o‘zgarishsiz qoldirilgan, qolgan moddalar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga (1994 yil tahrirdagi) muvofiq qayta kvalifikatsiya qilingan.
Sud Samandar Qo‘qonovga so‘nggi so‘z bergan. “Mutlaqo aybsizman”, degan 75 yashar Qo‘qonov.
Unga sud hukmidan norozi bo‘lgan taqdirda nazorat tartibida shikoyat qilish huquqi tushuntirilgan. QALAMPIR.UZ`ga oid ma’lumotlarga qaraganda, Qo‘qonov yana oqlov so‘rab sudga murojaat qilmoqchi. Bungacha u sudga 7 marotaba murojaat qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Samandar Qo‘qonov O‘zbekiston Respublikasi xalq deputati bo‘lgan, “Toshtransneftmahsulot” UK direktori lavozimida ishlagan.
Qo‘qonov 1993 yilning yoz oylarida qo‘lga olingan. Unga nisbatan davlat mulkini talon-taroj qilish ayblovi qo‘yilgan.
2014 yili Samandar Qo‘qonovning ilk qamoq muddati tugagan, biroq unga 3 yillik muddati qo‘shib berilgan.
Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgach, ko‘plar qatorida Samandar Qo‘qonov ham ozodlikka chiqdi.