“Salimboyvachcha”dan yordam so‘rashda ayblanayotgan deputat parlamentdagi kursisiga qaytdi
Olam
−
16 yanvar
14339Qirg‘iziston Jogorku Keneshi deputati Emil Jamg‘irchiyev bugun, 16 yanvar kuni parlamentning Qonunchilik, huquq-tartibot, jinoyatchilikka qarshi kurashish va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi yig‘ilishida ishtirok etdi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.
O‘z ishining tafsilotlari haqida gapirar ekan, u hamkasblaridan tanqiddan tiyilishni so‘radi.
“Mening ishim bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda, yakunlangach, materiallar sudga o‘tkaziladi va uning qarori chiqqandan keyingina o‘z fikringizni bildirishingiz mumkin. Mening oilam, farzandlarim bor, ularni ham noqulay ahvolga solib qo‘yishdi”, deydi u.
Qo‘mita raisi Suyunbek Omurzoqov Emil Jamg‘irchiyevni parlament majlisiga kelmagani va ish tafsilotlarini shaxsan aytmagani uchun qoraladi.
“Agar sizlar minbardan turib bizga jinoyat ishi haqida hamma narsani aytib berganingizda, ko‘p masalalarni joyida hal qilgan bo‘lardik”, deydi deputat.
Hamkasbining aytganlariga o‘sha zahotiyoq javob qilgan Emil Jamg‘irchiyev, o‘zi tomonidan barcha ma’lumotlar berilgani, biroq deputatlik komissiyasi uning savolini bir tomonlama ko‘rib chiqqanini urg‘uladi.
Jamg‘irchiyev ishi
Eslatib o‘tamiz, qirg‘izistonlik deputat Emil Jamg‘irchiyev qirg‘iz-o‘zbek chegarasini noqonuniy kesib o‘tishda ayblanmoqda. U 2022 yil dekabr oyida Salim Abduvaliyevdan yordam so‘rash maqsadida chegarani noqonuniy kesib o‘tib, Toshkentga kelgan. Shuningdek, u “Salimboy”ga Qirg‘izistonda tartib o‘rnatishini so‘rab, xat ham yozgan.
10 yanvar kuni Qirg‘iziston Jogorku Keneshining yig‘ilishida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev deputat Emil Jamg‘irchiyevning Salim Abduvaliyevga bergan maktubini o‘qib eshittirdi.
“Hurmatli Salimboy aka, siz butun Markaziy Osiyoni nazorat qilasiz, sizga hamma itoat qiladi. Bizning Prezidentlarimiz Akayev, Bakiyev, Otunbayeva, Atambayev, Jeyenbekov, Japarovlar prezidentlikdan oldin doim sizdan ruxsat so‘rashgan. Men ham bularning barchasini bilib turib, sizdan yordam so‘rayman”, deydi deputat o‘z xatida.
Bunga javoban esa Tashiyev hech bir prezident Abduvaliyevning duosini olmaganini aytgan.
“Bu qanday sharmandalik? Bu butun mamlakat uchun sharmandalik. Hech bir prezident jinoyatchining duosini olmagan. U menga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Xat borligini Jamg‘irchiyevning o‘zi ham tan olgan. Tasavvur qiling, deputatlar orasida shunday odamlar bor”, deydi Tashiyev.
Ammo unga javoban Abduvaliyev Qirg‘izistonning ishiga aralasha olmasligini aytgan. Bundan xabar topgan qirg‘izistonlik tergovchilar va tezkor xodimlar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan birga Salim Abduvaliyevni so‘roqqa tutgan.
Deputat 9 yanvar kuni parlamentda matbuot anjumani o‘tkazishi kerak bo‘lgan, biroq unda qatnashmagan. Keyinroq parlamentga huquq-tartibot idoralari vakillari kelgan. Deputat shundan so‘ng g‘oyib bo‘lgan. U binoning ikkinchi qavatidan sakrab qochgan. Oradan ikki kun o‘tib, 12 yanvar kuni u o‘z oyog‘i bilan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga so‘roqqa kelgan.
O‘zbekistonda Jamg‘irchiyevga nisbatan ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Birinchisi firibgarlik, ikkinchisi esa davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan esa unga nisbatan mamlakat Jinoyat kodeksining 378-moddasi (Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jamg‘irchiyev hozirda qidiruvga berilgan. O‘zbekiston tomoni ham uni hibsga olishga qaror chiqargan.
Shuningdek, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov “Kabar” Qirg‘iziston axborot agentligiga bergan intervyusida aytishicha, Emil Jamg‘irchiyev o‘zbekistonlik taniqli kriminal avtoritet Salim Abduvaliyevdan ikki kishini o‘ldirishda yordam so‘ragan.
Jamg‘irchiyevga qo‘yilgan ayblov
2020 yilda Emil Jamg‘irchiyev va Baktibek Qalmuratov kontrabanda bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoiy ish yuzasidan savollarni ijobiy hal etish uchun tadbirkordan pora olganlikda ayblangan edi. Jabrlanuvchi Emir Emilkanov ayblanuvchiga qo‘ygan da’volaridan voz kechdi. Birinchi may tuman va Bishkek shahar sudlari har ikki ayblanuvchini jinoyat isboti yo‘qligi uchun oqladi.
2022 yil 6 dekabrda Bosh prokuratura Oliy sudga Emil Jamg‘irchiyevga nisbatan oqlov hukmini bekor qilish to‘g‘risida iltimosnoma kiritdi. 26 dekabr kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi deputat qidiruvda ekani haqida xabar tarqatdi. U kelganidan keyin ma’lum bo‘lishicha, u otasini boqish uchun to‘lovsiz ta’tilga chiqqan. Natijada, 2023 yil yanvar oyida Qirg‘iziston Respublikasi Oliy sudi ishni qo‘shimcha tergovga yubordi.
LiveBarchasi