“Salimboyvachcha” bilan ko‘rishish uchun chegarani kesib o‘tgan deputat qidirilmoqda

Olam

image

Qirg‘izistonlik deputat Emil Jamg‘irchiyev qirg‘iz-o‘zbek chegarasini noqonuniy kesib o‘tishda ayblanmoqda. Bu haqda bugun, 10 yanvar kuni deputat Alisher Erbayev o‘tkazilayotgan brifingda ma’lum qildi.

Deputat Jamg‘irchiyevni jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi Bosh prokuratura so‘rovini ko‘rib chiqish uchun tuzilgan deputatlik komissiyasiga deputat Erbayev boshchilik qilmoqda.

“Komissiya bir necha ochiq yig‘ilish o‘tkazdi. Komissiyaning kechagi yig‘ilishining ikkinchi qismi tergov talabiga ko‘ra yopiq eshiklar ortida o‘tdi. Tergovchilar chegarani noqonuniy kesib o‘tishni isbotlovchi dalillarni taqdim etishdi. Biz ularga ishondik, chunki O‘zbekiston tomoni ham unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atdi”, deydi deputat Erbayev.

Unga ko‘ra, ayblovlar uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarga tegishli bo‘lib, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki 50-100 ming som jarima bilan jazolanadi.

9 yanvar kuni kechqurun deputat Jamg‘irchiyev Qirg‘iziston parlamentida g‘oyib bo‘lgandi. Uning qayerdaligi hozircha noma’lum.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Jamg‘irchiyev o‘zbekistonlik “Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyevdan yordam so‘ragan, u bilan yashirin uchrashuv o‘tkazish uchun 2022 yil dekabr oyida chegarani noqonuniy kesib o‘tib, Toshkentga borgan.

“Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasini noqonuniy kesib o‘tishni yashirish uchun 16 dekabr kuni Jamg‘irchiyev noqonuniy ravishda Qirg‘izistonga qaytgan”, deydi Erbayev.

Unga ko‘ra, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan Jinoyat kodeksining 378-moddasi (Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jamg‘irchiyev qidiruvga berilgan.

 


Maqola muallifi

Teglar

Salimboyvachcha Emil Jamg'irchiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing