“75 lar xati” yoxud millat qahramonidan shoqolga aylangan Tashiyev

Tahlil

Qirg‘iziston siyosiy sahnasida navbatdagi silkinish. Jogorku Kenesh spikeri Marlen Mamataliyev Qamchibek Tashiyevni shoqol deb atadi. Sobiq, qudratli rahbar Tashiyevning kuyovi ham qamoqqa olindi, o‘zi esa sudda so‘roq qilinmoqda. Bir paytlar Toshkentga “Salimboyvachcha”dan yordam so‘rab kelgan, “Qirg‘izistonda tartib o‘rnatib bering” degan, sobiq deputat Emil Jamg‘irchiyev yana maydonga chiqdi. U Tashiyevga qarshi bayonot berdi. Qamchibek Tashiyev so‘roq qilinayotgan ayol deputat bilan sudda aytishib ketdi. Yaqin daqiqalar davomida mana shu mavzularga batafsil to‘xtalamiz.

“75 lar xati” bo‘yicha ochiq sud

Bir paytlar Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning eng yaqin do‘sti, mamlakat tarixidagi eng obro‘li shaxslardan biri ekani aytilgan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev davlat to‘ntarishini uyushtirishga urinishda ayblanayotganini va sud jarayoni boshlanganini Qalampir.uz’ning doimiy kuzatuvchilari yaxshi biladi. Bu mavzuga birinchi marta duch kelayotganlar esa YouTube sahifamizdan “75 lar xati” sarlavxasi ostidagi videomaterialni tomosha qilib, barcha ma’lumotlarni olishi mumkin.

O‘tgan haftada “75 lar xati” bo‘yicha sud ish materiallaridan maxfiylik grifi olib tashlandi va xoinlikda ayblanayotganlar ishi bo‘yicha majlis ilk bor ochiq tartibda bo‘lib o‘tdi. Unda Jogorku Kenesh apparati xodimlari, guvohlar tinglandi. Ular “75 lar xati” deb ataluvchi hujjatning parlamentga qanday kelib tushgani va ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqida gapirib berdi.

“Bu hujjat Jogorku Keneshga 11 fevral kuni kelib tushgan va ro‘yxatga olingan. O‘sha paytda spiker Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li xizmat safarida edi. U xat bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma bermagan”, dedi Parlament xodimasi Mariya Isanova.

Ro‘yxatga olish sektori konsultanti (maslahatchisi) Mayramgul Tashtanovaning aytishicha, xat dastlab qabul qiluvchi ko‘rsatilmagan holda yuborilgan, shu sababli uni ro‘yxatdan o‘tkazishning imkoni bo‘lmagan. Uning bildirishicha, sektor mudiri Gulmira Qirbasheva telefon orqali noma’lum erkak kishi bilan bog‘langan va shundan so‘ng hujjatga qabul qiluvchining ismi-sharifi kiritilgan.

Yana bir guvoh – parlament apparati xodimasi Aida Mambetovaning so‘zlab berishicha, xat sohaviy qo‘mitaga 13 fevral kuni tushgan, 18 fevralda esa kun tartibidan olib tashlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatda muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish va prezidentlik vakolatlarini muddatidan avval tugatish to‘g‘risidagi taklif mavjud bo‘lgan.

Majlis davomida ma’lum bo‘lishicha, xatni Jogorku Keneshga nafaqadagi sobiq davlat arbobi hamda jamoat faoli Emilbek Uzakbayevning haydovchisi yetkazgan.

Suddagi aytishuv 

15 iyunda Jogorku Kenesh deputati Elvira Surabaldiyeva ham guvoh sifatida so‘roq qilindi. Jarayonda deputat ayol va ayblanuvchi Qamchibek Tashiyev o‘rtasida tortishuv yuz berdi.

Ko‘pchilikning e’tiborini tortgan chiqish Jogorku Kenesh spikeri Marlen Mamataliyevniki bo‘ldi. U “75 lar xati” tashabbuskorlarini keskin tanqid qilib, ularni shoqol deb atadi.

“Shoqollar va shoqolchalar o‘z o‘yinlarini o‘tkazmoqchi bo‘lishdi, biroq ular hech qachon sherni yenga olmasligini unutishdi. Chunki, sher ortida 7 million inson turibdi”, dedi u.

Marlen Mamataliyev ushbu gaplarni Jogorku Keneshning 17 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida, parlament tribunasidan turib aytgan. Spikerning ta’kidlashicha, maktub tashabbuskorlari ayblovlarni inkor etmoqda.

“Ular qo‘yilayotgan ayblovlarni rad qilyapti. Biroq ular o‘z harakatlari va niyatlarini tan olgani ma’qul bo‘lardi. Mazkur masalaga yakuniy bahoni sud berishi kerak”, degan u.

“Yiqilganni tepkilama”

Sud jarayonlari davom etayotgan bir paytda esa Qirg‘iziston Jogorku Keneshining sobiq deputati Emil Jamg‘irchiyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev sha’niga navbatdagi keskin bayonot bilan chiqdi. U ancha vaqtdan beri o‘tmishdagi mojarolarga qaytishni istamaganini, biroq yaqinda bo‘lib o‘tgan sud majlisidan so‘ng omma oldida so‘zlashga qaror qilganini bildirdi.

“Qirg‘izlarda “yiqilganni tepkilama” degan naql bor. Shu sababli, o‘zimga qarshi qilingan noqonuniy harakatlar va soxta ayblovlar mavzusini qayta ko‘tarishni xohlamadim. O‘z hayotim bilan yashab, hech narsaga aralashmadim. Lekin endi aytishim kerak. Deputatlik faoliyatim davomida Prezident va parlament komissiyasi a’zolariga Tashiyevning harakatlari yuzasidan shikoyat qilganman, biroq murojaatlarimning adolatli ko‘rib chiqilishiga erisha olmaganman”, dedi u.

Jamg‘irchiyevning aytishicha, uning yangi bayonot berishiga “75 lar xati” deb atuvchi jinoiy ish bo‘yicha o‘tkazilgan ochiq sud majlisi sabab bo‘lgan.

“Deputat Elvira Surabaldiyeva so‘roq qilinayotganda Tashiyevning o‘zini tutishi meni g‘azablantirdi. Tashiyevning hamon tahdid va bosim tilida gapirayotganini ko‘rib, jim tura olmadim. Bugun u sizga hokimiyatga tayanib, hammani yenggandek tuyulayotgan bo‘lishi mumkin. Ammo qonun va Xudo oldida har kim o‘z qilmishi uchun javob beradi. Haqiqatni vaqtincha yashirish mumkin, lekin uni yengib bo‘lmaydi. So‘zlarimni tasdiqlovchi dalillar keyinroq e’lon qilinishiga ishonaman”, dedi sobiq deputat.

Tashiyev ustidan dod degan Jamg‘irchiyev kim?

O‘zbekistonliklar Emil Jamg‘irchiyevni “Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyevga bog‘liq voqealar va uning Qirg‘izistonda qidiruvga berilishi orqali yaxshi taniydi. 2025 yilda Qirg‘izistonlik deputat Emil Jamg‘irchiyev qirg‘iz-o‘zbek chegarasini noqonuniy kesib o‘tishda ayblangandi. Uning o‘zbekistonlik “Salimboyvachcha” nomi bilan tanilgan Salim Abduvaliyevdan Qirg‘izistonda tartib o‘rnatishda yordam so‘ragani, u bilan yashirin uchrashuv o‘tkazish uchun 2022 yil dekabr oyida chegarani noqonuniy kesib o‘tib, Toshkentga kelgani Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan va u qamoqqa olingandi.

Tashiyevning kuyovi qo‘lga olindi

Qirg‘iziston Respublikasi Harbiy prokuraturasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyevning kuyovi sifatida tanilgan Azamat Diyqanboyevni ham qo‘lga oldi. Unga nisbatan “Xizmat mavqeidan foydalanib firibgarlik qilish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, turli yillarda milliy xavfsizlik organlari tizimida ishlagan Diyqanboyev Manas tumani IIBning vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. Hozirda ishning barcha holatlarini va boshqa ehtimoliy ishtirokchilarni aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari olib borilmoqda.

“75 lar xati”ning ssenariysi

Bugun, 18 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Qirg‘iziston Jogorku Keneshi torag‘asi Marlen Mamataliyev “75 lar xati” bo‘yicha olib borilayotgan surishtiruv tafsilotlarini so‘zlab berdi. U xatning parlamentga kelib tushish ssenariysi oldindan rejalashtirilganini va barcha manfaatdor shaxslar uni parlamentda kutishganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, voqealar joriy yilning 28–29 yanvar kunlaridan boshlangan.

“O‘shanda ayrim manfaatdor shaxslar Jogorku Keneshda oziq-ovqat xavfsizligi, yangi haydovchilik guvohnomalari masalalari bo‘yicha chiqishlar qilib, jamoatchilikni ataylab g‘alayonga keltira boshlashgan edi. Shundan so‘ng, Jogorku Keneshga “75 lar xati” kelib tushgan. Ilgari bu ishga aralashgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar maxfiylashtirilgan edi. Biroq hozirda OAVda bu haqda ma’lumotlar paydo bo‘lganini ko‘rib turibmiz va men axborotni ochiq ayta olaman. Xatni sobiq spiker Shakiyevning Alaybek ismli yordamchisi qabul qilib olgan. U xatni deputat Chingiz Ajibayevga topshirgan. U esa, ro‘yxatdan o‘tishni tekshirish uchun xatni bir muddat o‘zida ushlab turgan. Keyinchalik xat konstitutsiyaviy qo‘mita rahbari bo‘lgan Qurmanqul Zulushevga berilgan”, deydi Marlen Mamataliyev.

Ikki do‘st, ajoyib tandem sifatida baholangan Sadir Japarov va Qamchibek Tashiyev atrofida sodir bo‘layotgan voqealar mana shu zaylda davom etmoqda. Ulardan xabardor bo‘lish uchun QALAMPIR.UZ’ni kuzatib boring.
 


Maqola muallifi

Teglar

sud Qirg'iziston Sadir Japarov Qamchibek Tashiev Salimboyvachcha shoqol 75 lar xati

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing