“Salar” kanalini ifloslantirgan kompaniya 2,2 mlrd so‘m jarimaga tortildi

3-sahifa

image

Toshkentda “Salar” kanalini ifloslantirgan quruvchi kompaniya 2,2 milliard so‘mlik jarimaga tortildi. Bu haqda Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, holat Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rganilgan. O‘rganish davomida Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasida “B.B.” MCHJ tomonidan ko‘p qavatli turar joy binosini qurish davomida shahar oqova suv tarmog‘iga tegishli quvurga shikast yetkazilgani, oqibatda quvurning ma’lum qismi o‘pirilib tushgani aniqlangan. To‘planib qolgan suyuq chiqindilar esa Toshkent shahar Yakkasaroy tumani hududidan oqib o‘tuvchi “Salar” kanaliga hech qanday tozalash ishlarini olib bormasdan, maxsus nasoslar yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashlangan.

Suyuq chiqindilardan Toshkent shahar Ekologiya bosh boshqarmasining tahliliy laboratoriya bo‘limi tomonidan namuna olingan. Olingan namunalarda Ekologiya milliy qo‘mitasi huzuridagi Ekologik monitoring milliy markazi tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, neft mahsulot qoldiqlari belgilangan me’yordan 5,02 marta, azot ammoniy 43,5 marta, XPK 4,9 marta, muallaq moddalar esa 13,6 marta yuqori ekanligi ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, suyuq chiqindilar to‘plangan tuproq namunalarining tarkibida neft mahsulot qoldiqlari 2,6 dan 11,4 mg/kg gacha ekanligi aniqlangan.

Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, 63 936 metr kub hajmdagi suyuq chiqindi “Salar” kanaliga hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy ravishda chiqarib tashlangan. Ushbu holat sodir etilishi natijasida “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasi, “Suv kodeksi”ning 23, 117, 153-moddalari talablari qo‘pol ravishda buzilgan. Natijada 2 mlrd 160 mln 13 ming 824 so‘m kompensatsiya to‘lovi hisoblangan.

Bundan tashqari, MCHJ tomonidan oqova suv tarmog‘iga shikast yetkazilganlik holati oqibatida to‘planib qolgan suyuq chiqindilar tashlanishi oqibatida yer relefidagi tuproq ifloslantirilgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, neft mahsulot qoldiqlari belgilangan konsentratsiya miqdoridan o‘rtacha 5,2 marta yuqorini tashkil etgan. Natijada “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 16-moddasi, “Yer kodeksi”ning 40, 79, 85-moddalari talablari buzilgan. Holat yuzasidan 60 mln 27 ming 81 so‘m kompensatsiya to‘lovi hisoblangan. Shu tariqa “B.B.” MCHJ jami 2 mlrd 220 mln 40 ming 905 so‘m kompensatsiya to‘laydigan bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Zangiota tumani Achchisoy kanalida baliqlarning nobud bo‘lishiga sababchi bo‘lgan korxonaga 92 mln so‘m konpensatsiya hisoblangandi. https://qalampir.uz/news/zangiotadagi-kanalda-ulik-balik-lar-ok-di-video-135708


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing