Saidovga yuborilgan so‘rov ortidan TIV voizi munosabat bildirdi
Jamiyat
−
15 aprel
11509Avvalroq, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga xorijdagi o‘zbekistonliklar bo‘yicha parlament so‘rovi yuborilgani haqida xabar berilgandi. Mazkur xabar ortidan vazirlik matbuot kotibi Ahror Burhonov munosabat e’lon qildi.
Burhonovga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligi xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, doimo himoya qilib kelgan va bu faoliyati ustuvor bo‘lib qoladi.
Uning qayd etishicha, mazkur yo‘nalishda O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xorijiy davlatlarning tegishli idoralari bilan bevosita aloqalar o‘rnatgan.
“Har bir holat atroflicha o‘rganilib, fuqarolarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash maqsadida zarur choralar ko‘riladi. Tashqi ishlar vazirligi har oylik brifinglari orqali amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan jamoatchilikni muntazam xabardor qilib kelmoqda”, deyiladi xabarda.
Burhonovning qo‘shimcha qilishicha, ushbu sohadagi barcha murojaat va so‘rovlarga vazirlik tomonidan o‘z vaqtida javoblar taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Moskva shahridagi “Bodrost” nomli hammomda Rossiya maxsus maqsadli mobil bloki (OMON) migrantlarga qarshi reyd o‘tkazgandi. Ommaviy axborot vositalarida tarqalayotgan xabarlarga ko‘ra, mazkur hammomga O‘zbekiston va Qirg‘izistondan migrantlar ko‘p tashrif buyurgan va ayni holatda ham kaltaklanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lishi mumkin. Ushbu holat bo‘yicha Qirg‘iziston tomoni Rossiya Federatsiyasining mamlakatdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sergey Vakunov bilan uchrashuv o‘tkazgandi va uchrashuv davomida kuch ishlatish asossiz bo‘lgan taqdirda, ushbu hodisa bo‘yicha Moskva shahri huquqni muhofaza qilish organlari vakillariga nisbatan tegishli choralar ko‘rish so‘ralgandi va rasmiy nota topshirilgandi. Ammo ushbu holatga O‘zbekiston TIV aniq ma’lumot yoki munosabat bildirmadi.
LiveBarchasi