Safarbarlik sabab qancha odam Rossiyadan “quyon bo‘lgani” ochiqlandi
Olam
−
04 Oktabr 2022
21591Rossiyada safarbarlik boshlangan 21 sentyabrdan beri 600-700 mingga yaqin odam mamlakatni tark etdi. Bu haqda “Forbes” jurnali prezident ma’muriyatidagi suhbatdoshining so‘zlariga tayanib, xabar berdi.
Kremlning hisob-kitoblari bilan tanish bo‘lgan yana bir manbaning nashrga aytishicha, safarbarlik boshlanganidan beri deyarli bir million odam Rossiyani tark etgan.
Prezident ma’muriyatidagi “Forbes” manbasining qayd etishicha, qancha odam sayyohlik maqsadida mamlakatni tark etganini hisoblash mumkin emas.
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, safarbarlik boshlanganidan keyin 300 mingdan ortiq odam Rossiyani tark etgan, deb yozadi “Verstka”.
21 sentyabrdan 4 oktyabrgacha 200 ming rossiyalik Qozog‘istonga chiqib ketdi. 21-29 sentyabr kunlari Gruziyaga deyarli 69 ming kishi, keyingi kunlarda esa kuniga olti mingga yaqin kishi chiqib ketdi. 21 sentyabrdan 3 oktyabrgacha Finlyandiyaga deyarli 66 ming rossiyalik chiqib ketdi. 22-28 sentyabr kunlari 6268 nafar ruslar Mo‘g‘ulistonga ketdi. Qirg‘izistonda 21 sentyabrdan 28 sentyabrgacha 3526 nafar rossiyalik mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan.
Shuningdek, Rossiyaning ayrim aholisi safarbarlik boshlanganidan keyin Armaniston, O‘zbekiston, Tojikiston, Ozarbayjon, Turkiya, Misr va Birlashgan Arab Amirliklariga borgan, biroq qancha ruslarning bu mamlakatlarga kirgani haqida ochiq ma’lumotlar yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatda qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, 300 ming kishi, birinchi navbatda, jangovar tajribaga ega va qo‘shinlar uchun zarur bo‘lgan harbiy ro‘yxatga olish ixtisosligi bo‘yicha safarbar qilinadi.
Shoyguning ma’lum qilishicha, bugungacha 200 ming kishi armiya safiga qo‘shilgan.
LiveBarchasi