Sadir Japarov Vatikanda Rim Papasi bilan uchrashdi
Olam
−
04 Oktabr
2990Italiyaning Rim shahri hududidagi shahar-davlat – Vatikanda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va birinchi xonim Oygul Japarovaning Rim Papasi Fransisk bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Sadir Japarov Papaga tinchlik, adolat, xalqlar va dinlar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik kabi yuksak tamoyil va g‘oyalarni targ‘ib qilish yo‘lidagi fidoyiligi uchun samimiy minnatdorlik bildirgan. U Rim Papasi Fransiskning dunyoning turli burchaklarida nizolarni bartaraf etish va adolatni tiklashga qo‘shgan katta shaxsiy hissasini qayd etgan.
Shuningdek, Prezident Qirg‘iziston Respublikasi dunyoviy ko‘p millatli davlat bo‘lib, unda o‘nlab elat vakillari tinch va totuvlikda yashayotganini alohida ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston diniy e’tiqod erkinligini kafolatlaydi va diniy e’tiqodga aralashmaydi.
Konfessiyalararo totuvlik haqida gapirar ekan, Qirg‘izistondagi barcha diniy jamoalar mamlakatning ajralmas qismi bo‘lib, uning rivojlanishida muhim rol o‘ynashini qo‘shimcha qildi. Shuningdek, u har doim bag‘rikenglik va madaniy xilma-xillikni hurmat qilish mamlakatning asosiy an’anaviy qadriyatlaridan biri bo‘lib kelganini aytdi. Japarov Qirg‘iz davlatchiligi rivojida tarix davomida ma’naviy-axloqiy tamoyillar muhim o‘rin tutganini bildirdi.
Rim Papasi Fransisk ham Qirg‘izistonning ko‘p millatli va ko‘p dinli jamiyatni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholab, ushbu qadriyatlarni asrab-avaylash yo‘lidagi ishlarni davom ettirish muhimligini qayd etdi. Suhbat yakunida Sadir Japarov Rim Papasi Fransiskni o‘zi uchun qulay bo‘lgan vaqtda Qirg‘izistonga tashrif buyurishni taklif qildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 yanvar kuni Rim Papasi Fransisk Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevni qabul qilgandi. Bu To‘qayev uchun davlat rahbari sifatida Vatikanga ilk tashrifi edi. To‘qayev Rim-katolik cherkovi rahbariga Qozog‘istondagi Qorako‘l ko‘li tasvirlangan mozaikali rasm hamda “Tinchlik qushi” nomli kichik suvenir sovg‘asini berdi. Bu sovg‘alar pontifikning 2022 yil sentyabr oyida Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilari qurultoyida qatnashish maqsadida Qozog‘istonga qilgan safarini esga olish uchun mo‘ljallangan. 26 aprel kuni esa Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Vatikanda rasmiy tashrif bilan bo‘lib, Rim Papasi bilan uchrashgandi.
LiveBarchasi