Japarov bolalarning o‘limi ortidan vazirni tanqid qildi (video)
Olam
−
11 may 9992 2 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Respublika diagnostika markazida uch nafar bolaning vafoti uchun Sog‘liqni saqlash vaziri Erkin Checheyboyevga tanbeh berdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Japarov joriy yilning 8 may kuni Bishkekda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan harbiy paraddan so‘ng Respublika diagnostika markazi tashrif buyurdi. Davlat rahbarining u yerga tashrifi rejada bo‘lmagan, ammo Japarov borishga qaror qilgan.
Tashrif davomida xorijlik mutaxassislar ishtirokida bolalar kardiojarrohligi bo‘yicha gumanitar dastur amalga oshirilayotgan muassasadagi og‘ir ahvol haqida unga ma’lumot berilgan. Japarovga yurak xastaligi og‘ir bo‘lgan 24 nafar bola jarrohlik amaliyotini kutayotgani, oxirgi kunlarda 3 nafar bola shifoxonada vafot etgani haqida hisobot berilgan.
Taklif etilgan mutaxassislar markazda malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun muayyan shart-sharoit yo‘qligini aytgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, diagnostika bitta eskirgan ultratovush apparatida amalga oshiriladi, bu esa aniq ma’lumotlarni taqdim etmaydi. Sterilizatsiya xonasi yo‘q – asboblar boshqa tibbiy muassasaga mashinada yetkazib beriladi, bu esa bemorlarni infeksiya xavfiga duchor qiladi. Ba’zi bolalar allaqachon rivojlangan infeksiya bilan operatsiyaga keladi.
Prezident bundan noroziligini bildirib, Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarini mas’uliyatsizligi uchun tanqid qildi.
“Bu yerda bunaqa muammo bo‘lsa, nega birinchi marta kelyapsan? Bolalar o‘lib ketyapti, ishxonangda o‘tiribsan! Nega seni vazir qilib qo‘ydim? Dedim: muammo bo‘lsa, qo‘ng‘iroq qiling. Muammoni aytishadi, lekin kelmaysan. Shu yerga kelib yasha, lekin muammoni hal qil, kabinetingda o‘tirma”, deydi Japarov.
U Checheyboyevga muammolarni hal qilish uchun ikki kun muhlat berib, hal qilinmasa, ishdan bo‘shatishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 may kuni Moskva shahrida Ikkinchi jahon urushi ustidan qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi keng nishonlangan edi. Kreml devorlari yonidagi Noma’lum askar qabriga gul qo‘yish marosimida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov yerga yopishtirilgan Qirg‘iziston Respublikasi bayrog‘i tushirilgan rasmni yerdan olib, cho‘ntagiga solgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr