Saakashvilining o‘g‘li otasining hayoti xavf ostida ekanini aytdi

Olam

image

Beshta jinoiy ish uchun javobgarlikka tortilgan Gruziyaning sobiq Prezidenti Mixail Saakashvili hozirda Tbilisidagi Vivamedi klinikasida davolanmoqda. Uning o‘g‘li Eduard Saakashvili otasining hayoti xavf ostida ekanini aytdi. Bu haqda “Deutsche welle” nashri xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Eduard Saakashvili otasini oxirgi marta 2022 yilning kuzida ko‘rgan. Shundan keyin u uzoq vaqt Gruziyada bo‘lgan bo‘lsada, otasi bilan ko‘risha olmagan.  U Saakashvilining sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarni OAV va yaqinlari orqali bilgan.

“Gap otamning ichki organlari ishdan chiqishi haqida ketmoqda. U deyarli ikki baravar vazn yo‘qotdi. Unda nevrologik muammolar bor, miya shikastlanishi, xatti-harakati o‘zgargani ehtimoli bor. Uni oxirgi marta ko‘rganimda ham juda yomon ahvolda edi. Endi esa qarindoshlarimdan uning ahvoli ancha yomonlashganini bildim. U qattiq kasal va hayoti xavf ostida”, degan Eduard Saakashvili.

Shuningdek, u Mixail Saakashvilining qamoqqa olinishi siyosiy qaror ekanini aytib, uning ozod etilishi yoki yana qamoqqa olinishi ham siyosiy qaror bo‘lishini bildirgan. Eduardning ta’kidlashicha, u Gruziya hukumati ma’naviy va siyosiy nuqtayi nazardan to‘g‘ri qaror qabul qiladigan sharoit yaratishga harakat qilmoqda.

“Ayni paytda Yevroparlament uni ozod qilishga da’vat etuvchi bir qancha rezolyutsiyalarni qabul qildi. Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlat Gruziya hukumatiga otamni davolanish uchun qo‘yib yuborish bo‘yicha rasmiy murojaat yo‘lladi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham yaqinda matbuot anjumanida shu haqda gapirdi. Yevropa tarafdan doimiy e’tibor qaratilishi muhim jarayon. Chunki bu Gruziya hukumatini to‘g‘ri qaror qabul qilishga undaydi. Uni ozod qilish yoki qilmaslik esa Gruziya hukumatiga bog‘liq”, deydi Saakashvilining o‘g‘li.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Tbilisi shahar sudi Saakashvilini sog‘lig‘i sababli qamoqdan ozod qilish haqidagi himoyachining iltimosini rad etgandi. Gruziyaning amaldagi Prezidenti Salome Zurabishvili esa uni afv etishni rejalashtirmayotgani sabablarini tushuntirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya Saakashvili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing