Saakashviliga chiqarilgan hukm o‘zgarishsiz qoldi

Olam

image

Gruziyaning apellyatsiya sudi mamlakatning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili bo‘yicha chegaraning noqonuniy kesib o‘tilgani haqidagi ish yuzasidan og‘zaki eshituvni o‘tkazmasdan, birinchi instansiya sudining hukmini o‘z kuchida qoldirdi. Bu haqda “Sputnik” xabar berdi.

2021 yilda yashirincha Gruziyaga qaytgan Mixail Saakashvili ushbu ishi bo‘yicha 4,5 yil ozodlikdan mahrum etilgan edi. Keyinchalik bu boshqa ishlar bo‘yicha hukmlar bilan birlashtirilib, yakuniy jazo 12 yil 6 oylik qamoq jazosi etib belgilangandi.

Saakashvilining advokati Beka Basilaia sud qarori jinoyat-protsessual qonunchilik normalariga zid ekanini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, sudya hukmlarni misli ko‘rilmagan tarzda birlashtirib, yakunda asossiz tarzda 12,5 yillik qamoq jazosini bergan.

Ma’lumot uchun, Saakashvili 2013 yilda Gruziyani tark etgan, shundan so‘ng mamlakatda unga qarshi to‘rtta jinoiy ish ochilgan, shundan ikkitasida siyosatchi sirtdan uch va olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. 2021 yilning oktyabr oyida Saakashvili Gruziyaga yashirincha kelganida hibsga olingan. 2022 yilning may oyida sog‘lig‘i yomonlashgani sababli u Tbilisidagi “Vivamed” xususiy klinikasiga olib o‘tilgan.

Shunday qilib, jazolarning qisman qo‘shilishi munosabati bilan Mixail Saakashvili 12 yil 6 oy muddatga qamalgan. Gruziya sobiq prezidentining tarafdorlari va huquq himoyachilari unga qo‘yilgan ayblovlarni siyosiy deb hisoblamoqda. Yevropa Ittifoqi Mixail Saakashvilini siyosiy mahbus deb tan olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gruziyaning hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi Mixail Saakashvilini 2008 yilda Janubiy Osetiya ustidan urushni tashqi kuchlar buyrug‘i bilan boshlaganlikda ayblagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Gruziya Mixail Saakashvili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing